Ochiqlik siyosati qatʼiy davom etadi – qizil chiziqlar aniq belgilanmoqda

20:40 17 Iyun 2021 Siyosat
798 0

Xizmat taqozosi yuzasidan jurnalist va blogerlar bilan suhbatlashganimda, baʼzida juda oddiy savolga javob berish qiyin boʻladi. Yaʼni davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar toifasi haqida aniq roʻyxatning mavjud emasligi soha vakillariga maʼlum qiyinchilik, tushunmovchilik tugʻdirar edi.

Bugun matbuotda “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni eʼlon qilindi. Ushbu farmon yurtimizda ochiqlik siyosati izchillik va qatʼiyat bilan bilan davom ettirilishini bildiradi.

Farmonga muvofiq, barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi.

Bu roʻyxat – soʻz erkinligi sharoitida amal qilinishi kerak boʻlgan qoidalar majmuining eng muhim boʻgʻini. Shu paytgacha ancha majhul koʻrinishda boʻlgan, umumiyroq gaplar bilan eslatiladigan, amalda mansabdorning xususiy talqinlariga bogʻliq boʻlib qolayotgan jihat edi. Jurnalist va blogerlarning oʻz jargoni bilan aytganda, “qizil chiziq”lar aniq koʻrsatilmoqda.

Davlat siyosatining ochiqligida ham chegara boʻladimi? Ha, boʻladi. Istalgan davlatni oling, shunday norma mavjud. Faqat bu chegaralar har ikki tomon uchun ham tushunarli shaklda, mantiqan asoslangan boʻlishi kerak.

Oʻzbekistonda Davlat Rahbarining siyosiy irodasi tufayli joriy boʻlgan ochiqlik siyosatining mohiyati, oʻziga xosligi shundaki, davlat organlari va OAV, fuqarolik jurnalistikasi vakillari oʻrtasidagi muloqot jarayonida paydo boʻlgan, yetilib kelayotgan muammoli, bahsli vaziyatlarni tartibga solish boʻyicha huquqiy asoslar taqdim etib borilmoqda. Maʼlum bir dogmalarga yopishib olish yoʻq.

Demak, endilikda davlat ikkita muhim vazifani ijro organi oldiga qoʻydi: 1) ijtimoiy ahamiyatga molik ochiq axborotlar turkumi tasniflandi; 2) davlat sirini tashkil etuvchi axborotlar majmui ochiq aytildi.

Qars ikki qoʻldan chiqadi. Endi milliy jurnalistika ham yangi davrga oyoq qoʻyishni boshlashi ushbu farmon ijrosi talab qiladigan voqelikdir. Shu paytgacha davralarda, oʻzaro suhbatlarda aytib kelingan yoqimsiz haqiqat bor edi: tahliliy jurnalistika rivojlanishi uchun yetarli maʼlumotlar topish oson emas edi.

Davlat buni tushundi va oxirgi toʻrt yilda izchillik bilan shu yoʻnalishda ishlandi. Qabul qilinayotgan har bir qonun, farmon, qaror matniga, mazmuniga eʼtibor qaratilsa, ochiqlik siyosati barqaror boʻlishi uchun gorizontal va vertikal tizim tashkil qilishga intilishni koʻramiz. Endilikda sinovdan oʻtgan, muayyan tajribalar asosida rivojlanayotgan bu tizim yaxlit koʻrinish oldi.

Umid qilamanki, hozirgi kunda oʻzbek jurnalistikasiga eng yetishmayotgan, ancha tanqis boʻlib qolgan yoʻnalish – aniq faktlarga asoslangan, jarayondan toʻliq boxabarlik sezilib turadigan tahliliy jurnalistika rivojlanadi.

P.S. Ochiqlik siyosati hammaga barobar. Jumladan, endilikda deputatlarning faoliyati, qonun ijodkorligiga qoʻshayotgan hissasi, muhokamalar natijasida qabul qilingan qarorlar ham saytimizda eʼlon qilib boriladi. Bu haqda ertaga bosma matbuotda chiqish qilmoqchiman. Shu bois, masalaning u jihatlariga bu postimda toʻxtalmadim.

Odiljon TOJIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?