Ochiqlik bor joyda korrupsiya qisqaradi

10:50 18 Iyun 2021 Jamiyat
252 0

Mamlakatimizda davlat hokimiyati ochiqligi siyosati amal qila boshlagach, yashirin iqtisodiyot bir muncha qisqarib, iqtisodiy barqarorlik taʼminlana boshladi. Ochiqlik, oshkoralik va soʻz erkinligi pana-pastqam joylarda oʻzining shaxsiy va gʻarazli maqsadlarini amalga oshirishga urinayotgan manfaatparast kimsalarning xufyona rejalarini chilparchin qilyapti. Endilikda jamiyatda ochiqlikni taʼminlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni ham davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Prezidentimizning joriy yilning 16-iyun kuni imzolagan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.

Farmonida belgilanganidek, endilikda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari oʻz faoliyatiga oid hisobotlarni rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi va uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi.

Hisobot va maʼlumotlarni veb-saytlar orqali keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilinishidan koʻzlangan asosiy maqsad aholining davlat tashkilotlari va korxonalari haqidagi tasavvurlarini boyitish, ish faoliyati natijalari haqida yetarli tushunchaga ega boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ochiqlikning yana bir muhim jihati shundan iboratki, yurtimiz iqtisodiy yuksalishi, taraqqiyotini tahlil qilish va boshqa xorijiy davlatlar bilan qiyoslash imkoniyati paydo boʻladi.

Shuning uchun ham Farmonda 2021-yil 1-iyuldan boshlab mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab borish belgilandi.

Bir soʻz bilan aytganda, ochiqlik bor joyda korrupsiya qisqaradi. Korrupsiyaning bartaraf etilishi esa davlatning, jamiyatning va xalqimizning erkin hamda farovon hayot qurishida, mamlakatning yana-da gullab-yashnashida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?