Ochiq, shaffof, barqaror, samarali va yaxlit davlat xaridlari tizimini yaratish — bugungi kun talabi

11:34 17 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
216 0

OʼzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Albatta, bu Qonun loyihasini ishlab chiqishga juda koʻp omillar sabab boʻlayotganini aytib oʻtish joiz. Toʻgʻri, bugungi kunda mamlakatimizda davlat xaridlari sohasi 20 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Ammo, tan olish kerak, amaldagi davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun va qonunosti hujjatlari xalqaro huquqiy meʼyorlar talabiga javob bermaydi.

Masalan, olaylik, xaridlarning aksariyat qismi xaridlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlovchi axborot kommunikatsiya tizimidan foydalanmagan holda amalga oshiriladi. Xarid qilish tartib-tamoyillarini, shartnoma majburiyatlarini monitoring va nazorat qilish tizimi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Yoki davlat xaridlari jarayonidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tizimining samaradorlik koʻrsatkichi pastligi hamda davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari mavjud. Shu oʻrinda davlat buyurtmachilari va ishtirokchilar mutaxassislarining davlat xaridlari sohasidagi kasbiy mahorat darajasi bugungi kun talabiga javob bermasligini ham aytib oʻtish lozim.

Xoʻsh, fraksiya yigʻilishida deputatlarimiz tomonidan qizgʻin muhokama qilingan va birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan yangi tahrirdagi mazkur qonun loyihasiga bu muammolarni bartaraf etish borasida qanday tartib tamoyillar kiritilgan? Qonun loyihasida ochiq, shaffof, barqaror, samarali va yaxlit davlat xaridlari tizimini yaratishga katta eʼtibor qaratilgan. Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari sifatida masʼuliyatlilik va kasbiy mahorat, asoslanganlik, moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, raqobat va xolislik, mutanosiblik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillar kiritilganligi bilan katta ahamiyatga ega.

Qonun loyihasida byudjet mablagʻlaridan va boshqa markazlashgan manbalardan, shuningdek, hukumatning kafolatlangan kredit resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, eng maqbul muddatlarda va “narx- sifat” koʻrsatkichlarining uygʻunligini amalga oshirgan holda davlat sektorini zarur tovar, ish va xizmatlar bilan taʼminlashga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha bandlar kiritilgan.

Eng muhimi, qonun loyihasini ishlab chiqishda davlat xaridlari boʻyicha amaldagi ilgʻor tajriba hamda xalqaro tajriba, shu jumladan, BMTning Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasining (YUNSITRAL) model qonunchiligining asosiy qoidalari, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Rossiya, Belorus, Qozogʻiston va boshqa davlatlar qonunchiligi, shuningdek. YEHTT tavsiyalari hisobga olindi.

Mazkur qonun loyihasi Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, xalqaro va mahalliy ekspertlar, manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari, buyurtmachilar, yetkazib beruvchilar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinganining oʻzi ham uning hayotimizda ahamiyati juda kattaligini anglatib turibdi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?