Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki

14:44 11 Mart 2024 Jamiyat
136 0

Yurtimizga goʻzallik fasli boʻlmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uygʻotib, oʻzining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi goʻzallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofini obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik, saranjomlik bor joyda doimo baraka va koʻrkamlik boʻladi.

Ana shunday ezgu maqsadlarda davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatida oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Ishchi guruh faoliyati doirasida davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi «2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan bandlarni, yaʼni tuman va shaharlar, mahalla va koʻchalarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Jumladan, “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida barcha mahallalarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, mehr-saxovat koʻrsatish boʻyicha “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlarini hamda viloyatda umumxalq hasharini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, joriy yilning 11-martidan boshlab yurtimizda Muborak Ramazon oyi boshlandi. Ushbu ulugʻ oyning mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, oila va mahallalarda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bu borada Respublika ishchi guruhi boshchiligida Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan 72 mingdan ortiq kam taʼminlangan oilalar, 5700 ga yaqin boquvchisini yoʻqotgan oilalar, 600 dan ziyod yolgʻiz keksalar hamda 50 mingga yaqin nogironligi bor shaxslarning holidan xabar olish, amaliy koʻmak koʻrsatish koʻzda tutilgan.

Ayni vaqtda mahallalarda, koʻcha va guzarlar, xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” tamoyillarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Prezident maslahatchi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi mahallalarda boʻlib, mahalla yettiliklari, aholi bilan muloqot olib borib, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Bu jarayonda Qorakoʻl tumanining Qorahoji, Romitanning Shoʻrcha, Gʻijduvonning Koʻlijabbor, Kogon shahrining Xoʻjabargi mahallalarida “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlarini joriy qilish ishlari ham jadallashtirilmoqda. Mazkur hududlarda yangi mahalla binolari qad rostlamoqda, taʼlim, tibbiyot, madaniyat muassasalari rekonstruksiya qilinmoqda.

Mazkur mahallalardagi taʼmirtalab 18 km. yoʻlga shagʻal yotqizildi, 340 ta simyogʻoch ustunlar oʻrniga temir beton tayanch oʻrnatildi, 126 ta yangi beton tayanchlar qurish ishlari olib borildi va 13 km. SIP kabellari tortildi. Gaz taʼminoti yaxshilash maqsadida aholiga 822 ta gaz ballon yetkazib berildi, 5,2 km. tabiiy gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, aholi xonadonlariga 7 tonna koʻmir yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash borasida 3 km. suv quvurlari taʼmirlandi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер