Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki

21:40 18 Mart 2023 Jamiyat
580 0

Xalqimizda shunday anʼanalar borki, ularda vatandoshlarimizning birligi, ahilligi, hamjihatliligi yaqqol namoyon boʻladi. Yillar oʻtsaki, oʻz ahamiyatini, mohiyatini yoʻqotmay kelayotgan qadriyatlarimizdan biri, bu — hashardir.

Har yili Navroʻz bayrami arafasida barcha mahallalarda umumxalq xayriya hasharlari tashkil etiladi, hududlar obodonlashtiriladi. Bu yil ham xuddi shunday boʻldi.

Kecha mamlakatimiz boʻylab “Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Hashar doirasida hududlarda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va xayriya tadbirlari tashkil qilindi.

“Mahalla” fondi matbuot xizmati taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, kecha boʻlib oʻtgan hasharda jami 8 million nafardan ziyod yurtdoshlarimiz ishtirok etgan boʻlsa, ularning 5 milliondan koʻprogʻini yoshlar tashkil qildi.

Hasharchilarning faolligi bilan respublikamiz boʻyicha 2 million tupga yaqin manzarali hamda mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. 11 ming tonnadan ziyod maishiy va sanoat chiqindilari chiqarib tashlandi. 9 mingdan ziyod qabriston, 500 dan ziyod ziyoratgohlar obodonlashtirildi.

Oʻz navbatida, ushbu tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtojlar holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar koʻrsatildi.

Jumladan, 12 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga moddiy yordam koʻrsatildi. 3 ming 100 nafardan ortiq yakka-yolgʻiz keksalar holidan xabar olindi. Buning uchun 4 milliard soʻmdan koʻp mablagʻ sarflandi.

Shu bilan birga, 4 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarning uy-joylarini taʼmirlash uchun 1,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Rahim ShERQULOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер