“Obod qishloq” dasturida obod boʻlmay qolgan Yaypanning “husnbuzar” mahallasi

15:53 20 Yanvar 2022 Jamiyat
345 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumani markazi - Yaypan shaharchasi koʻrku qiyofasi tobora muhtashamlik kasb etib, hudud aholisining yashash sharoiti, turmush farovonligi yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Ammo shaharcha mahallalarida hal etilishi zarur boʻlgan muammolar ham yoʻq emas. Uchinchi sektor hududida joylashgan “Yaypan Guzar” MFYdagi ikki qavatli turar-joylarda yashovchi aholini qiynayotgan, hududni obodonlashtirish ishlari bogʻliq masalalar yillar davomida dolzarbligicha qolmoqda.

Aytish kerakki, “Obod qishloq” dasturi doirasida ushbu mahallada ham qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Oʻzgarishlar boʻlgan, lekin ayrim muammolar eʼtibordan chetda qolib ketgan. Qolaversa, bu yerda boʻlgna kishi mahalla ahli va masʼullari hudud ozodaligi, orastaligi uchun masʼuliyatni his etishlariga shubha qiladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tumanga tashrifi davomida mazkur mahallada ham boʻlib, bu yerda istiqomat qiluvchi aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

Koʻp qavatli uyda yashovchi Raʼno Sharipovaning maʼlum qilishicha, oʻtgan asrning 60-yillarida qurilgan va maʼnan eskirgan uylar tomidan yogʻin-sochin kunlarda chakka oʻtadi. Bu uylarning tom qismi, tashqi fasadi, yashash xonadonlari taʼmirtalab ahvolda. Aholining iqtisodiy-maishiy turmush sharoiti bilan bogʻliq boshqa muammolar ham bor.

Oʻz navbatida X. Bozorov shu va hududdagi boshqa mavjud muammolarni zudlik bilan hal etish lozimligini taʼkidladi. “Yaypan Guzar”, shuningdek, Jomiy nomidagi MFYlar hududlari qarovsiz holdaligi uchun mahalla raislari va mutasaddilar beparvoligini keskin tanqid qildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?