“Obod markaz” dasturi koʻhna Kosonsoyni zamonaviy shaharga aylantirdi

18:01 13 Noyabr 2019 Jamiyat
1111 0

2200-yillik tarixga ega Kosonsoy shahri asrlar aro bir necha bor renessans davrini boshdan kechirgan boʻlsa, bugungi “Obod markaz” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida u obodlikning yuqori choʻqqisiga koʻtarildi.

Ushbu dastur ijrosi doirasida bu yerda 31 ta obyektda yangi qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlariga 89,78 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Bunyodkorlik tadbirlari natijasi shahar hayotining barcha jabhalarida koʻzga tashlanadi. Masalan, tuman markazida 4.4 kilometr uzunlikdagi yangi tarmoq tortilishi bilan 4200 ta xonadonda yashovchi 19,6 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan bahramand boʻla boshladi.

--Avtomobil yoʻllarining sifatsizligi koʻp yillardan beri aholini qiynab kelayotgan jiddiy muammolardan biriga aylangandi, -deydi mehnat faxriysi Odilxon Qoriyev. – Ayni masala ham “Obod markaz”dasturi sharofati bilan yechim topdi. 3,4 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanib mukammal taʼmirdan chiqarilgan 19 kilometrga yaqin avtomobil yoʻllari ravonlashtirilganidan haydovchilarupiyodalarning dili yayraydi. Ayniqsa, piyodalar yoʻlagi tashkil etilib,koʻcha boʻylariga tejamkor yoritish chiroqlari oʻrnatilganini aytmaysizmi. Tunlari charogʻon, harakatlanishga xavfsiz bunday yoʻllardan yurgan kishi borki, koʻnglida rozilik tuygʻusi joʻsh uradi.

Mukammal taʼmirdan chiqarilib, sayqal berilgan. Milliy madaniyat markazi, tumandagi 5 ta kasb-hunar kollej maʼmuriy binolari, 2 ta kasb-hunar kollejining sport zali,Davlat soliq inspeksiyasi, prokuratura binolari va boshqa koʻplab ijtimoiy inshootlar shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshgani bir qarashdayoq koʻzga tashlanadi.

Kosonsoy soyi yozning haroratli kunlarida tuman markazi iqlimini moʻtadillashtirib, tanga orom beradigan “kumush kamar” hisoblanadi.Uning sohili boʻylab 1,5 kilometr uzunlikda barpo etilgan Yashil xiyobon va velosiped yoʻlakchasi oʻziga xosligi bilan bu yerga Yevropa shahri koʻrinishini berdi. Viloyatning eng soʻlim oromgohlaridan biri boʻlgan Kosonsoy istirohat bogʻi esa 2 milliard soʻm mablagʻ hisobidan qayta rekonstruksiya qilinganidan soʻng yanada jozibador goʻshaga aylandi.

Ona Vatan himoyasi uchun aziz jonini fido qilgan yurtdoshlarning pok nomini abadiylashtirish xayrli ish. Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan ikki mingdan ziyod mard kosonsoyliklarga ehtirom ramzi sifatida barpo etilgan Xotira maydoni, undagi Motamsaro ona haykali chinakam ziyoratgohiga aylanganidan ayniqsa, yoshlar xursand.

Taʼkidlash kerakki,Kosonsoyni chinakam obod markaziga aylantirish yoʻlidagi ezgu ishlarda butun tuman ahli, xususan, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarning hissa katta boʻldi. Buni, jumladan, shaharda yangidan barpo etilgan koʻplab savdo va maishiy xizmat shoxobchalarining betakror qiyofasida koʻrish mumkin. Uzoq yillardan beri taʼmirini kutib yotgan 6 ta koʻp qavatli turarjoy binolari bugun yangi uylar koʻrinishini olgan. Ularning kommunikatsiya tizimlari butunlay qayta koʻrib chiqilganidan xonadon sohiblari juda – juda xursand.

Bir soʻz bilan aytganda,Kosonsoyda roʻyobga chiqarilgan katta hajmdagi bunyodkorlik yumushlari 2019-yilning natijador tadbirlaridan boʻlgan “Obod markaz”dasturi sharofatini koʻz-koʻz qilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Yangilangan shaharning kuni kecha oʻtkazilgan tantanali taqdimoti qatnashchilarining dil soʻzlarida ham ana shunday fikrlar bot-bot tilga olindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?