OAV korrupsiyaning asosiy kushandasi boʻla oladimi?

15:27 28 Yanvar 2022 Jamiyat
397 0

Foto: Халқ сўзи

Korrupsiya har qanday jamiyatni ichdan yemiruvchi, davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlariga hamda xalqaro maydondagi mavqei va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, taraqqiyot barqarorligiga tahdid solib turuvchi illatdir. Mamlakatimizda bu illatga qarshi keskin kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Jamiyat hayotining ochiqligi, OAV erkinligi korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil sifatida baholanib, bu borada soha vakillarining huquqiy bilim va tajribasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Navoiy shahrida Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida oʻtkazilgan trening ayni mavzuni yoritish boʻyicha jurnalist, bloger va NNT faollarining salohiyatini oshirishga bagʻishlandi. Ikki kun davom etgan treningda Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan OAV xodimlari, blogerlar hamda NNT faollari ishtirok etdi.

Trening doirasida taniqli mediatrenerlar “Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro va Oʻzbekiston tajribasi”, “Korrupsiya qarshi kurashishda ijtimoiy sheriklikning oʻrni”, “Pora bilan bogʻliq ishlarni yoritishning oʻziga xos jihatlari”, “OAV korrupsiyaning asosiy kushandasi boʻla oladimi?” kabi mavzularda taqdimotlar qilishdi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishgan davlatlar tajribasidan maʼlumki, ushbu illatning kushandasi jamoatchilik nazorati hisoblanadi, — deydi Avazxon Haydarov. — Albatta, jamoatchilik nazorati va fikri OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar blogerlari faoliyati orqali shakllanadi. Bunda jurnalist surishtiruvining oʻrni muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga maʼlumot va axborotlardan foydalanishda xolislik, mavzuni yoritishda ahloq meʼyorlariga qatʼiy rioya etish kabi oʻta nozik nuqtalar borki, buni puxta bilmagan jurnalist turli huquqiy noxushliklarga roʻbaroʻ kelishi mumkin.

Trening ishtirokchilariga mass-media vositalari (videoroliklar, Internet va boshqa OAV materiallari) yordamida fuqarolarda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat uygʻotish va huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikni samarador tashkil etish usullari boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikma berildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?