Nyu-Yorkdagi eng yirik fond birjalari Oʻzbekistonga koʻmak berishga tayyor

14:13 24 Iyul 2019 Iqtisodiyot
1646 0

Oʻzbekiston delegatsiyasi safar davomida Nyu-York shahrida NASDAQ va NYSE fond birjalariga ham tashrif buyurdi.

Dunyodagi eng yirik fond birjalaridan biri hisoblangan NASDAQ qarorgohida uning raisi oʻrinbosari Meyer Frucher va birja maydoni vitse-prezidenti Joyel Kazis bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Amerika fond birjasi mutasaddilari Oʻzbekistonda kapital bozori taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Ular AQSH birja tuzilmalari ushbu mamlakatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, davlat rahbari tomonidan fond bozorlari va bank-moliya sektorini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar ijrosini diqqat bilan kuzatib borishayotganini taʼkidlashdi. Respublikada xususiy banklar ulushi koʻpayib borayotgani Nyu-Yorkda ham ijobi kutib olinayotgani qayd etildi.

- Kapital banki yaxlitligini taʼminlash sizning katta muvaffaqiyatingizdir. Bu xalqaro treyderlar uchun jiddiy ishoradir, - dedi M.Frucher.

NASDAQ raisi oʻrinbosarining fikricha, birja savdolarini diversifikatsiya qilish va fond bozori infratuzilmalari xavfsizligini taʼminlash Oʻzbekistonda kapital bozori rivojiga xizmat qiluvchi omillardir. Zero, investorlar xorij bozoriga kirishda aynan mana shu ikki mezonni inobatga olishadi.

Amerika fond birjasi vakillari Oʻzbekiston fond birjasini kuzatish va oʻrganish uchun “aqlli”(smart) texnologiyalarni joriy etish, birjalarning texnologik salohiyatini modernizatsiya qilish, qolaversa, oʻzbek kompaniyalarining xalqaro qimmatli qogʻozlar bozoriga chiqishi masalasida konsultatsiya yordamini koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Muzokaralar yakunida “Toshkent” RFB va NASDAQ oʻrtasida oʻzaro anglashuvi memorandumi imzolandi.

Oʻz navbatida mamlakatimiz delegatsiyasi AQSHdagi eng asosiy va koʻhna fond birjasi hisoblangan Nyu-York fond birjasi(NYSE)da birja savdolarining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. Birja faoliyatiga start beruvchi qoʻngʻiroqni eshitishdi. Shu yerning oʻzida ushbu muassasa raisi oʻrinbosari va bosh savdo vakili Jon Tattl bilan uchrashuv tashkil etildi.

Oʻzbekiston kapital bozorini rivojlantirish muzokaralarning asosiy mavzusiga aylandi. Binobarin, davlat kompaniyalari va eng rentabel hamda yirik korporatsiyalar tomonidan xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarini AQSH fond bozoriga kiritish istiqbollari ham muhokama qilindi.

J.Tattl Oʻzbekistonda kapital bozori institutsional rivoji kelajagi haqida gapirar ekan, bunda qimmatli qogʻozlar savdo operatsiyalarida shaffoflikni taʼminlovchi oʻzini-oʻzi boshqarish organini tuzish muhim ekanligini aytib oʻtdi. Bu borada AQSHdagi Moliya xizmatlari tarmogʻini tartibga solish xizmati(FINRA)ni misol qilib keltirdi. Uning fikricha, savdo qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlovchi bunday tuzilma chet ellik sarmoyadorlar uchun investitsiyalarini himoya qilishning kafolatiga aylanadi.

NYSE vakillari oʻz resurslari, texnologiyalari va menejment vositalarini jalb etgan holda oʻzbek fond birjasini isloh etishda faol qatnashish, shuningdek, oʻzbek kompaniyalari aksiyalarini Amerika fond maydonlariga olib chiqish uchun koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?