Nutq va eshitish qobiliyati cheklangan insonlarga yuridik xizmat koʻrsatish ijtimoiy loyihasi natijalari muhokamasi

17:43 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
485 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent shahar “Mehr koʻzda” markazi va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Oʻzbekistonda huquqiy islohotlar dasturi hamkorligida “Toshkent shahrida ijtimoiy innovatsiyalar asosida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga yuridik xizmat koʻrsatish ijtimoiy loyihasi natijalari” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda tadbir tashkilotchilari, shuningdek, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Karlar jamiyati, Adliya, Xalq taʼlimi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining Toshkent shahri boshqarmalari vakillari, Toshkent shahri va poytaxt tumanlarining Davlat xizmatlari markazlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda surdotarjimonlar ishtirok etdi.

Davra suhbatini oʻtkazishdan asosiy maqsad – USAIDning Oʻzbekistonda huquqiy islohotlar dasturi tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent shahar “Mehr koʻzda” markazining “Toshkent shahrida ijtimoiy innovatsiyalar asosida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga yuridik xizmat koʻrsatish” ijtimoiy loyihasi doirasida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar, natijalar, xulosalar va takliflarini muhokama qilish, yuridik xizmat koʻrsatishda nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish orqali ularning huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarini oʻrganish hamda amaldagi qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, oʻz navbatida, nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun begʻaraz yuridik yordam koʻrsatish xizmati mavjudligini OAV orqali keng targʻib qilish ekanligi tadbir tashkilotchilari tomonidan taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2021-yil 24-noyabrdagi maʼlumotiga koʻra, dunyoda 1 milliarddan ortiq inson nogironlikdan aziyat chekadi. Bu koʻrsatkich dunyo aholisining taxminan 15 foizini tashkil etadi, 15 va undan katta yoshdagi 190 million (3,8%) nafar insonda sezilarli funksional cheklovlar mavjud boʻlib, ular koʻpincha malakali tibbiy xizmatlarga muhtoj.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 3-dekabrda “Oʻzbekiston xalqiga murojaati”da mamlakatimizda bir millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolar mavjudligi, soʻnggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qoʻllab-quvvatlash borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga koʻtarilganligi va buning tasdigʻi sifatida “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani, mamlakatimiz Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga qoʻshilgani, mazkur sohada mustahkam qonuniy baza yaratilgani, barcha hududlarda “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyilganligi haqida alohida toʻxtalib oʻtgan edi.

Keyingi yillarda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablarga mos boʻlgan 1,5 mingta davolash-reabilitatsiya oʻrinlari foydalanishga topshirilgani va shunday yurtdoshlarimizga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiya texnik vositalari roʻyxati 22 turdan 27 tagacha koʻpaytirilgani, 2021-yilning oʻzida nogironligi boʻlgan bolalarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida ular byudjet mablagʻlari hisobidan qariyb 40 milliard soʻmlik protez-ortopediya va reabilitatsiya moslamalari, koxlear implantlar bilan taʼminlangani, xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boshlanib, 300 dan ortiq maktablarda imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani kabi amaliy ishlar natijasiga eʼtibor qaratgandi.

Sohadagi qonunchilik bazasi yanada mustahkamlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-martda “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni, 2021-yil 27-noyabrda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori, 2022-yil 17-fevralda “Nogironligi boʻlgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Taraqqiyot strategiyasining 66-maqsadi bevosita “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish” masalalariga qaratilib, amalga oshirilishi muhim ahamiyat kasb etuvchi qator vazifalar va amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Bu kabi islohotlar natijasida jabhada fuqarolik jamiyati institutlarining ham roli oshdi va sohada turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratildi. “Toshkent shahrida ijtimoiy innovatsiyalar asosida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga yuridik xizmat koʻrsatish ijtimoiy loyihasi” ham shular jumlasidandir. Loyihani amalga oshirishda Toshkent shahrida nutq va eshitish kobiliyati cheklangan shaxslarning aliment, oila, meros, uy-joy (subsidiyaga uy-joy ajratish va uy-joy nizolari), moddiy yordam va ishga joylashish kabi masalalarda huquqiy xizmat koʻrsatishga boʻlgan talab va ehtiyojlari yuqori ekanligi aniqlangan. Natijada Davlat xizmatlari markazlarida surdotarjima xizmati tashkil etilib, huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga qonunchilikdagi eng dolzarb va soʻnggi huquqiy maʼlumotlarni oʻz vaqtida yetkazish, hafta davomida ish vaqti rejimida oflayn va onlayn tarzda bepul huquqiy yordam koʻrsatish amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida 60 nafar surdotarjimon ikki oylik maxsus kurslarda bepul oʻqitilgan.

Tadbir jarayonida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari taʼminlanishiga oid masalalar xususida soʻz yuritib, bu borada:

birinchidan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining tegishli moddalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni barcha daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi normalarni kiritish;

ikkinchidan, nogironligi boʻlgan tadbirkorni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasiga aʼzo boʻlish uchun toʻlanadigan aʼzolik badallaridan ozod qilish;

uchinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlarini himoyalash bilan shugʻullanuvchi Ombudsman institutini tashkil etish;

toʻrtinchidan, davlat xizmatlari markazlarida turli davlat xizmatlarini amalga oshirishda alohida nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi shtat birligi tashkil etish;

beshinchidan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan doimiy tarzda nogironligi boʻlgan tadbirkorlar faoliyati bilan bogʻliq xalqaro va milliy koʻrgazmalar hamda yarmarkalar yoki koʻrik tanlovlarni yoʻlga qoʻyish kabi takliflar ilgari surildi.

Tadbirga tashrif buyurgan loyiha benefitsiarlar ularga koʻrsatilgan xizmatlar, ularning sifati va natijalari, shuningdek, oʻz muammolari yechim topganligi uchun mamnun ekanliklari haqida surdotarjimonlar orqali bayon etishdi.

Davra suhbatida, bundan tashqari, davlat organlari masʼul xodimlari va vazirlik, idoralar mutaxassislari tomonidan nutq va eshitishda nuqsoni boʻlgan fuqarolarning moddiy taʼminot olish kafolatlari, ularni ish bilan taʼminlash, huquqiy maʼlumotlarni zamonaviy innovatsiyalar orqali yetkazish, odil sudlov tizimiga kirib borish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish masalalari xususida ham batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.

Tadbir yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlariga taqdim etish haqida kelishib olindi.

Botir SOBIROV,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?