Nurotalik Anora Musurmonova 94 yoshida tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma oldi

17:23 04 Aprel 2024 Jamiyat
1220 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Navoiy viloyatida adliya boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasida Nurota tumanining olis Qizilcha qishlogʻilik 94 yoshli Anora Musurmonovaning hamon tugʻilganlik haqidagi guvohnomaga ega emasligi aniqlanib, unga ilk bor mazkur hujjat rasmiylashtirilib topshirildi.

Maʼlum boʻlishicha, Anora momo 1930-yilning 1-iyulida tumanning Modovod qishlogʻida tugʻilib, oiladagi toʻqqiz farzandning uchinchisi boʻlgan.

— Ikki akam urushdan qaytmadi, roʻzgʻorning tashvishi biz yetti qizga qoldi, — deydi A. Musurmonova. — Kattasi men edim, oʻn uch yoshimda oʻroqqa chiqqanman. Bir piyolagina donni yashirib uyga olib kelardik. Onam undan atala qilib berardi. Ming qatla shukr — mana, tanlab yeydigan zamonlarni ham koʻrdik.

Anora Musurmonovaning 1949-yili Yuzboy Nurboyev bilan turmush qurib, oʻn nafar farzandni dunyoga keltiradi. Bugungi kunda u 44 nevara, 89 chevara va 6 nafar evaraning suyukli momosi.

Adliya idoralari oʻtkazgan aksiya doirasida viloyat boʻyicha tugʻilganlik, oʻlim, nikoh va nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomalar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish kabi holatlar bilan bogʻliq minglab hujjat rasmiylashtirildi.

— Aksiya doirasidagi 3 ming 380 ta sayyor davlat xizmatlari natijasida 2 796 ta hujjatlar rasmiylashtirilib egalariga topshirildi, — deydi viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati mutaxassisi Nodira Samandarova. — Shuningdek, 17 ming 370 ta huquqiy targʻibot tadbirlari amalga oshirilib, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar, taʼlim va xotin-qizlar, mahallalar hamkorligida fuqarolarning bir qator ijtimoiy muammolariga yechim topildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?