Nurotada “Soʻzana va kashta” festivali oʻtkazildi

15:15 09 Avgust 2022 Jamiyat
375 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyati Nurota tumani haqida soʻz ketsa, uning betakror Chashmasi, dunyoga mashhur qorakoʻli va avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan kashtachiligi, albatta, tilga olinadi.

Kashtachilik Nurotada Chashma va qorakoʻlchilik bilan deyarli teng tarixga ega. Sanʼatshunos Amin Qodirovning taʼkidlashicha, kashtachilikda Nurota maktabi xom ashyoga dastlabki ishlov berishdan tortib, yakunida tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, kashtachilik hududda sanʼat darajasiga koʻtarilib, qadim-qadimdan ayollar bandligini taʼminlashdek ijtimoiy ahamiyatga ham ega boʻlgan.

— Respublikamiz Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼatning anʼanaviy turlarini saqlash va qayta tiklash, hunarmandchilik mahsulotlarining raqobatdoshligi va sifatini oshirish, aholini keng jalb etish orqali bandlikni taʼminlash, sayyohlar uchun jozibador boʻlgan hunarmandchilik obyektlarini tashkil etish, mahsulotlarni eksport qilishni ragʻbatlantirish, yoshlarni hunarmandchilikka yoʻnaltirish orqali mehnatsevarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida hunarmandlarning “Usta-shogird” maktablarini takomillashtirish imkoniyatlarini taqdim etdi, - deydi Navoiy viloyati “Hunarmand” uyushmasi rahbari Jamshid Jumayev. — Mazkur qaror samarasi oʻlaroq oʻtgan davr mobaynida viloyatimizda hunarmandlar safi oʻttiz barobarga kengaydi. Ularning qariyb yetmish foizini ayollar tashkil etadi.

Eng muhimi, hunarmandchilik, xususan, kashtachilikda ham sogʻlom raqobat muhiti shakllanib, shu tufayli Nurota kashtachilik maktabining anʼanaviy yoʻnalishlari Buxoro, Qashqadaryo va hatto Tojikiston kashtachilik maktablari kompozitsiya va naqsh unsurlari bilan boyitilmoqda. Turli koʻrgazma va festivallar bunda oʻziga xos koʻprik vazifasini bajarayotgani tayin.

“Chashma” majmuasida Nurota tumani hokimligi, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi va “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida oʻtkazilgan “Soʻzana va kashta” festivalini shunday tadbirlar sirasiga kiritish mumkin. Festival doirasida bir qator koʻrik-tanlovlar bilan birga mahorat darslari, milliy liboslar, tasviriy va amaliy sanʼat hamda hunarmandlar koʻrgazmalari, milliy oʻyinlar va folklor jamoalarining chiqishlari tashkil etildi.

— Nurota viloyatimizning turizm salohiyati ancha yuqori boʻlgan tumanlaridan biri hisoblanadi, — deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Suhrob Izzatullayev. — Ushbu festivalda Italiya, Yaponiya va Fransiya kabi mamlakatlardan ham sayyohlar ishtirok etishib, Nurotaning kashtachilik maktabi namunalari bilan birga viloyatimizda qadimiy maktabga ega Qiziltepa zardoʻzlik, Konimex va Tomdi tumanlari hududida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning oʻziga xos hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishishdi.

Nurotada kashtachilik mahsulotlari ilmoqli bigiz va bosma igna sanchish yoʻllari bilan yaratiladi. Har ikki yoʻnalishning ham hadisini olgan Saodat Fayziyeva 150 nafardan ortiq shogirdlarni tayyorlagan. Qizi Gulmira Islomova bilan tikkan kashtalari bugun Fransiya, Ruminiya, Bolgariya, Qatar va boshqa bir qator mamlakatlardan kelgan sayyohlarning xonadoni toʻridan joy olgan.

— Oʻtgan yili qizim bilan birga 20 ming dollarlik mahsulot eksport qildik, — deydi S. Fayziyeva.- Hozir mana shu 150 nafar shogirdlarimning har biri oʻz yoʻlini topgan. Hunarli kishi xor boʻlmas, deb shuni aytishadida. Momolarimizdan oʻrgangan shu hunarimiz orqasidan orzu-havaslarimizga yetishib yuribmiz.

Festival doirasida ishtirokchi hunarmandlarga oʻz mahsulotlarini realizatsiya qilishda hudud va qoʻshni viloyatlar turizm salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?