Nurota tumanida murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

18:33 05 Dekabr 2023 Jamiyat
435 0

Foto: Xalq soʻzi

Soʻnggi yillarda tibbiyotdagi islohotlar samarasi uning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga va kadrlar salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Pirovardida esa murakkab operatsiyalarni tuman markazlarida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda. Navoiy viloyatining Nurota tumanida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining malakali mutaxassislari ishtirokida oʻtkazgan murakkab jarrohlik operatsiyasini ham shular sirasiga kiritish mumkin. Unda ikki nafar bemorning son va yelka suyaklarini bloklovchi yuqori texnologik amaliyot bajarildi.

— Ushbu amaliyotni oʻtkazishni taqozo etgan omil qoʻshma shikastlanish deb atalib, avtoavariya va ishlab chiqarishda olingan jarohatlar natijasida yuzaga keladi, — deydi travmatolog Laziz Amonov. — Bu shikastlanishda bemorlarning ahvoli oʻta ogʻirlashishi, uzun naysimon suyaklar, chanoq suyaklari yoki umurtqa pogʻonasining murakkab sinishlari kuzatilib, bu murakkab operatsiya yuqori texnologiyani talab etadi. Keyingi uch-toʻrt yilda hududlardagi tibbiyot muassasalarining zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanishi Navoiy viloyatining ham periferik hududlari — Zarafshon, Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida qoʻshma shikastlanish boʻlimlari ochilgan va bugun ular qatoriga Nurota tumani ham qoʻshilmoqda.

Mazkur turdagi jarrohlik amaliyoti kam invazivligi, yaʼni amaliyot oʻtkazilgan bemorda asoratlarning kam uchrashi, nogironlikdan asrash kabi samaradorlik, bu esa oʻz navbatida insonning erta faol hayotga qaytishiga sabab boʻladi.

— Bir hafta oldin oʻgʻlim ogʻir avtoavariyaga uchrab, endi uni qayerga olib borsak, degan tashvishda edik, — deydi Husniddin Begashov. — Mana tabib oʻz oyogʻi bilan kelib, oʻgʻlimizni qoʻlimizga qaytarib berdi.

Xullas, endi nurotaliklar ushbu turdagi amaliyotlar uchun davo istab, vaqt va mablagʻ yoʻqotib markazga borishlari shart emas. Ushbu yuqori texnologik amaliyot Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filiali mutaxassislari bilan “ustoz-shogird” anʼanasini saqlab qolgan holda Nurota tuman tibbiyot birlashmasida doimiy oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Operatsiya oʻtkazilgan bemorlarga kelsak, ayni paytda ular shifokorlar nazoratida boʻlib, oʻzlarini yaxshi his qilishmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?