Nurota kashtachiligi faranglarni hayratga solmoqda

16:33 20 Yanvar 2022 Jamiyat
354 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Hunarmandchilik sanoat ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyilguniga qadar insonning yaratuvchanlik salohiyatini yuzaga chiqargan, shu orqali roʻzgʻor tebratish imkonini bergan va butun dunyoda keng tarqalgan mehnat turi. Ayrim mamlakatlar va alohida hududlarda hunarmandchilik hozir ham aholi bandligini taʼminlashning muhim omili sifatida oʻrin tutib, soha mahsulotlari usta hunarmandlarning qoʻl mehnati orqali sanʼat asari darajasiga yetkazilmoqda. Shu bois mamlakatimizda ham hunarmandchilik ravnaqiga turizm industriyasining jozibadorligini taʼminlovchi vosita sifatida eʼtibor qaratilib, hunarmandlar faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil hayotga tatbiq etilayotir.

Shu jihatdan Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼatning anʼanaviy turlarini saqlash va qayta tiklash, hunarmandchilik mahsulotlarining raqobatdoshligi va sifatini oshirish, aholini ushbu sohaga keng jalb etish orqali bandlikni taʼminlash, sayyohlar uchun jozibador boʻlgan hunarmandchilik obyektlarini tashkil etish, mahsulotlarni eksport qilishni ragʻbatlantirish, yoshlarni mehnatsevarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida hunarmandlarning “Usta-shogird” maktablarini takomillashtirish yoʻlida keng imkoniyatlarni taqdim etdi.

— Mazkur qarorga qadar viloyatimizda bor-yoʻgʻi 406 nafar hunarmand rasman faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ular 11 ming 658 nafarni tashkil etadi,

— deydi Navoiy viloyati “Hunarmand” uyushmasi rahbari Jamshid Jumayev. — Bu 29 barobarga oʻsish demakdir. Birgina oʻtgan yilning oʻzida viloyatimizda 1 ming 176 nafar hunarmand roʻyxatga olindi va, eʼtiborlisi, ularning 754 nafarini ayollar tashkil qiladi.

Viloyatda hunarmandchilikning hududiy ixtisoslashuvi mavjud. Misol uchun, Qiziltepada zardoʻzlik, Karmanada duradgorlik va kulollik, Gʻozgʻonda sangtaroshlik hunari avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Qadriyatlar boqiy Nurotada esa kashtachilik milliy hunarmandchilikka eʼtibor, ragʻbat har qachongidan oshgan ayni zamonamizda ulkan maʼnaviy meros sifatida turli tadqiqotlar manbaiga ham aylandi.

— Har bir kashtachilik namunasi oʻz davrining kayfiyatini ifodalaydi, - deydi Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Musallam Ibragimova. — Bunda har bir namuna alohida ahamiyatga ega boʻlib, maʼlum bir yoʻnalishlar, yaʼni turli naqshlar, novda, barg, gullar singari unsurlar bu yerda xalqning orzu-havas, turmush tutumini ifoda etgan.

Nurota kashtachilik maktabi xom-ashyoga dastlabki ishlov berishdan tortib, yakunida tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ushbu sanʼat mazkur tumanda qadim-qadimdan ayollarning bandligini taʼminlashdek ijtimoiy ahamiyat ham kasb etib, uning siru sinoati buvidan nabira qizga, qaynonadan kelinga oʻtib kelgan. Bugun esa sanʼatsevar yoshlar allaqachon estafetani qoʻlga olishib, Nurota kashtachilik maktabining anʼanaviy yoʻnalishlarini Buxoro, Qashqadaryo va hatto Tojikiston kashtachilik maktablari kompozitsiya va naqsh unsurlari bilan boyitishmoqda. Nurotalik chevarlar mahsulotlarining Fransiya, Yaponiya va yana bir qator mamlakatlardagi xalqaro koʻrgazmalarda diqqatga sazovorligining boisi ham shundadir balki.

— Nurota kashtachiligi bu yerning goʻzal tabiatini, mahalliy aholining kayfiyatini ifoda etishini koʻrdim, — deydi Fransiyalik sayyoh Paskal Maxtinelli. — Toʻgʻri, takrorliklar koʻp. Biroq bunda aholining marosimlarga, oʻz hayotining unutilmas davriga eʼtiborini nazarda tutsak, bu kamchilik hech qanday ahamiyatga ega emas. Sanʼat va marosimlar qadim bogʻliqligi mana shu zaminda saqlanib qolinganligi dunyoda kamdan-kam uchraydigan voqelikdir. Albatta, bu juda katta tadqiqot manbai. Chuqurroq tadqiq etilsa, Nurota kashtachiligi sanʼat tarixi bilan bogʻliq juda katta kashfiyotlarga manba boʻladi.

Nurotada kashtachilik bugun tadbirkorlikning bir turi boʻlib, tuman markazida ming nafardan ziyod qiz-juvon u bilan mashgʻul. Chekka qishloq qizlarini mazkur sanʼat sinoatlaridan voqif etish, shu orqali ijtimoiy bandligini taʼminlash maqsadida oʻquv kurslari ham tashkil etilgan. Ularda qiz-juvonlar Nurota kashtachiligi bilan birga xaridorgir Buxoro zardoʻzligini ham oʻrganib, oʻz mahsulotlarini kun sayin xorijiy sayyohlar tashrifi ortib borayotgan Chashma majmuasi koʻrgazmalarida taqdim etmoqdalar.

Navoiy viloyatida joriy yilda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 39 milliard 760 million soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, yana mingta loyiha amalga oshirilishi moʻljallanmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер