Nurmat Atabekov: Yangi yil arafasida aholi orasida vahima tarqatmang!

14:43 24 Dekabr 2020 Jamiyat
618 0

Mamlakatimizdagi pandemik vaziyat, koronavirus bilan bogʻliq soʻnggi yangiliklarga oid SSV Matbuot xizmati savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Atabekov javob berdi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 25-dekabridan karantin choralari kuchaytiriladi, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarda asos bormi?

— Xalqimizda “niyatga yarasha beradi” degan gap bor, bilmadim, baʼzi shaxslar bu kabi mish-mishlarni yaxshi niyatda tarqatishyaptimi yoki doim shunday “sovuq” niyat qilishga oʻrganib qolishganmi? Deylik, karantin tadbirlari qaytadan kuchaytirilsa, aniqroq aytganda, uydan chiqish, ishga borish, harakatlanish, qoʻyingki, shu kabi barcha erkinliklar chegaralansa, bundan kimga va qanday naf?! Dunyo hamjamiyatida vaziyat oʻta ogʻir boʻlib turgan bir paytda va yurtimizda karantin tadbirlarining birmuncha yumshatilishi mavjud epidemik vaziyatga salbiy taʼsir qilishi mumkinligini toʻliq anglagan holda Respublika maxsus komissiyasining cheklov tadbirlarini birmuncha yumshatishga qaror qilgani bu pandemiyani jilovlash tadbirlariga jalb etilgan sohalarga katta ishonch namunasi, desak xato boʻlmaydi.

Albatta, bu kabi qarorlar qabul qilinishidan oldin barcha shart-sharoitlar oʻrganib chiqiladi, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar va ularning yechimi boʻyicha imkoniyatlar tarozining ikki pallasiga qoʻyiladi, har tomonlama hisob-kitoblar qilinadi, eng asosiysi, xalqning kayfiyati, sharoiti, imkoniyatlari va muammolari har tomonlama oʻrganiladi.

Taʼkidlanganlardan kelib chiqib, yuqoridagi kabi mish-mishlarni tarqatayotgan shaxslarga aytmoqchimiz: xalqni besaranjom qilib, chalgʻitib, qoʻrqitib yoki xavotirga solib baraka topmaysiz, Respublika maxsus komissiyasi aʼzolari esa karantin tadbirlarini kuchaytirish haqida hozircha oʻylab koʻrishmadi, Negaki, bugun bu kabi cheklovlar haqida oʻylash uchun umuman asos yoʻq, yurtimizda koronavirus kasalligi boʻyicha barqaror epidemik vaziyat hukm surmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?