Nukusdagi tashxislash va davolash markaziga harbiy shifokorlar ham jalb etildi

11:15 18 Avgust 2020 Jamiyat
334 0

COVID-19 infeksiyasiga gumon qilinayotgan bemorlarni davolash maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy sport mahorati maktabi bazasida tashkil etilgan vaqtinchalik Tashxislash-taqsimlash va davolash markazi oʻz ishini boshladi.

Markaz faoliyatini tashkil etishda Mudofaa vazirligining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi ham oʻz hissasini qoʻshdi. Yaʼni, tashkil etilgan markazda 4 nafar harbiy shifokorlar va 4 nafar harbiy tibbiyot muassasalarining kichik tibbiy personali vatandoshlarimiz salomatligini saqlash, pandemiya bilan kurashishda malaka almashish maqsadida xizmatda boʻlishadi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Markazning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, tibbiyot mutaxassislari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari Muratbay Jumanov soʻzga chiqib, jumladan shunday dedi: “Bugungi kunda aholiga uzluksiz tibbiy xizmat koʻrsatish hamda Koronavirus yuqumli kasalligi bilan kasallanganlarni davolash sifatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻistonda 167 ta tez yordam mashinalari hamda xalq orasida COVID-19 kasallik belgilari boʻlgan fuqarolarni shifo maskanlariga yetkazish uchun Nukus shahrida 42 dona va har bir tumanda oʻrtacha hisobda 6-7 donadan jami respublika boʻyicha 183 ta mobil brigadalar ishlab kelmoqda”.

Aytish joizki, ayni vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tez tibbiy yordam mashinalariga boʻlgan ehtiyoj toʻliq taʼminlangan hamda bu yoʻnalishda 838 nafar shifokor va 1091 nafar feldsher faoliyat olib bormoqda.

Tashkil etilgan vaqtinchalik markazda 7 ta blokdan iborat jami 390 oʻrinli joylar tashkil etilib, birinchi qavatida 224 oʻrinli yotoq joylar kasallik tufayli nafas olishi qiynalgan bemorlar va ikkinchi qavatdagi 166 ta joy kasallik alomatlari yengil kechadigan bemorlar uchun belgilangan.

Kasallik alomatlari bor bemorlarni qabul qilish joyida Ultratovush tekshiruv apparati (UZI), Rentgen apparati, EKG va laboratoriya xizmat koʻrsatadi. Bemorlarni tashxislash va davolash uchun barcha zarur tibbiyot vositalari va nafas olishni yengillashtiruvchi apparatlar oʻrnatilgan. Yurishga qiynalgan va ahvoli ogʻir bemorlar uchun nogironlik aravachalari va tibbiyot zambillari mavjud. Markaz faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida 14 kunlik navbatchi smenada 12 soatdan ish vaqti etib belgilangan. Unda jami 150 nafar malakali tibbiyot xodimlari faoliyat koʻrsatadi. Shuningdek, ushbu tibbiyot muassasasining ish-faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish hamda bemorlarni davolashda tasdiqlangan usullarni qoʻllashni oʻrgatish maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutining yuqori toifali mutaxassislari ushbu jarayonlarga jalb qilingan.

Tibbiyot muassasasi, xodimlar va bemorlarning xavfsizligini taʼminlash, pandemiya tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik hamda hudud qoʻriqlovini tashkil etish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tomonidan vaqtinchalik operativ shtab tashkil etilgan boʻlib, unda kechayu kunduz navbatchilik yoʻlga qoʻyilgan. Qolaversa, shifokorlarning Toshkentdagi markaz bilan maslahat va tajriba almashish, bemorlarni davolashda konsiliumlar oʻtkazish maqsadida harbiy okrug tomonidan 24 soatlik onlayn videokonferensaloqa tizimi joriy etilgan. Operativ shtab ichkarida oʻrnatilgan 8 dona videokuzatuv kameralari orqali markaz ichki faoliyatni tashqaridan turib doimiy nazorat va hamkorlik qilish imkoniga ega.

Taʼkidlash joizki, Toshkent tajribasidan kelib chiqib, Nukus shahridagi 3 ta sport obyektlarida 1000 oʻrinli, Qoraqalpogʻistonning har bir tumanida 200-500 oʻrinli taqsimlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular bugungi kunda jami 5 200 oʻrinni tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?