Nukusdagi “Imkon” bogʻchasi: 120 nafar bolaga 134 xodim xizmat koʻrsatmoqda (foto)

13:36 03 Aprel 2021 Jamiyat
964 0

“Farzandim bu yerga kelganda tayanch-harakat tizimida jiddiy nuqsoni bor edi. U davolash muolajalarini oldi, sekin oyoqqa turishni boshladi. Hozir mustaqil yuryapti, bolam kiyimlarini oʻzi almashtirib, ovqatni mustaqil yeydigan, oʻz fikrini ayta oladigan boʻldi. Farzandim rasm chizishga juda qiziqadi. Oʻgʻlim Saida bogʻcha opasini juda yaxshi koʻradi, bu yerga qattiq mehr qoʻygan. Bir yilga yetmasdan shunday natijalarga erishdik. Avval Nukusda bunday bogʻcha yoʻq edi, Xoʻjayliga olib borardik, sharoitlari ham bunchalik yaxshi emasdi”, deydi 5 yoshli Tursun Olimbekovning onasi Jadira Esimbayeva.

Orolboʻyi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega “Imkon” davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida Jadira opaning farzandi kabi salomatligi tiklangan bolajonlar koʻpchilikni tashkil etadi.

Mazkur koʻp tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, 120 oʻringa ega.

MTT Orolboʻyi bolalarining hayot tarzini yaxshilash, sogʻligida nuqsoni bor oʻgʻil-qizlarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam turlarini kengaytirish, ularni ijtimoiy hayotga faol moslashtirishga koʻmaklashadi.

Tashkilot bogʻcha va reabilitatsiya markazidan iborat.

“Tashkilotimiz 2019-yilning aprel oyida foydalanishga topshirilgan. Qurilishga 19 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflangan. Tashkilotimizga tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasi asosida 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan eshitish, koʻrish, tayanch-harakat tizimi, psixik va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar qabul qilinadi.

Bu yerda bolalar zamonaviy tibbiy reabilitatsion uskunalar, shuningdek, jismoniy mashqlar, gidromassaj yordamida sogʻlomlashtiriladi. Moslashtirilgan oʻquv dasturi asosida har bir bolaga individual oʻquv marshruti tuzilgan boʻlib, tibbiyot va pedagog xodimlar ular orqali tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga qaratilgan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish orqali bolalar rivojlanishidagi nuqsonlarni bartaraf etadi.

Tashkilotimiz xodimlari Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda malakalarini oshirib kelishgan. Doimiy ravishda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan mutaxassislar va tajriba almashish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirgi kunda maktabgacha taʼlim tashkilotida 10 ta guruhda tayanch-harakat tizimi, psixik va nutqiy rivojlanishi va eshitishida nuqsoni bor 120 nafar bola taʼlim-tarbiya olib sogʻlomlashtirilmoqda. Xodimlari soni 134 nafar. Ular orasida 45 nafarga yaqin shifokorlar, qolganlari pedagoglar, texnik xodimlar”, deydi “Imkon” davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Nursuluv Xudeybergeneva.

Tashkilot oshxonasi Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy oshxona uskunalari va ekologik toza idishlar bilan taʼminlangan boʻlib, bolalar maxsus menyu asosida kuniga 5 mahal ovqatlantiriladi.

Reabilitatsiya markazida audio sinf, sezish muolaja xonasi, fizioterapiya, massaj, jismoniy mashqlar, musiqa va ertak bilan davolash, ijtimoiy moslashuv xonalari, basseyn mavjud. Nevropatolog, psixonevrolog, ortoped, pediatr, okulist, defektolog, psixolog kabi tor mutaxassislar bolalardagi nuqsonlarni aniqlab, ularga zarur tibbiy xizmat koʻrsatadi.

Maʼlumot uchun hozirgi kungacha jami 240 bola bogʻchada taʼlim-tarbiya olgan. Shuningdek, reabilitatsiya markaziga 2 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bola qatnab davolanadi, 537 nafar bola reabilitatsiya markaziga tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya yoʻllanmasi bilan roʻyxatdan oʻtgan va shu kungacha jami 846 bola reabilitatsiya kurslarini olgan, oʻtgan davr ichida jami bogʻchamizdan 47 bola sogʻlomlashtirilib oddiy davlat bogʻchalariga va maktablarga oʻtkazildi va 32 qatnab davolanuvchi bolalarda ijobiy oʻzgarishlar qayd etilgan.

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?