Nukusda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

21:55 01 Dekabr 2022 Jamiyat
370 0

Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 1-dekabr – Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganining 33 yil toʻlishi munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, barchani bayram bilan qutladi.

Taʼkidlanganidek, qoraqalpoq tili aloqa va oʻzaro fikr almashishning muhim vositasi boʻlish bilan birga necha asrlar davomida oʻzining qadr-qimmatini yoʻqotmay, bugungi avlodlargacha yetib kelgan bebaho xazinadir. Har bir xalqning oʻziga xosligini, taraqqiy topishi va kelajagini belgilashda ona tilining tutgan oʻrni muhim sanaladi. Shu bois oʻsib kelayotgan yosh avlod ona tilini eʼzozlashi, uni kelajak avlodlarga sof holida yetib borishini taʼminlashi kerak.

Tadbirda soʻnggi yillarda qoraqalpoq tili rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, xususan, Nukus shahrida Ibrayim Yusupov nomidagi qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashgan ijod maktabining ochilishi, Vazirlar Kengashi raisi va shahar, tuman hokimlarining davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga amal qilishni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimining joriy etilgani, Chimboy tumanida qoraqalpoq adabiyotining yirik namoyandalari boʻlgan Kunxoja va Berdaq xotirasiga atab maqbara hamda muzey qurilgani, qoraqalpoq tilida yangi darsliklar, ilmiy, badiiy qoʻllanmalar nashrdan chiqayotgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, qoraqalpoq tilining xalqaro darajadagi oʻrni va obroʻsini oshirish borasida “Qoraqalpoq tilining raqamli texnologiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirilayotgani, qoraqalpoq tilidagi audio-kitoblar platformasini yaratish ustida ish olib borilayotgani, atamalarning qoraqalpoq tilidagi ekvivalentlari ishlab chiqilib, 5 jildli Qoraqalpoq tilining izohli lugʻati nashrga tayyorlanmoqda. Albatta, bu ishlar qoraqalpoq tiliga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi koʻrinishidir.

“Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida oʻtkazilgan bayram tantanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ishtirok etdi.

Bayram tadbiri sanʼat ustalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar bilan yakunlandi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер