Nukusda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida tashkil etilgan koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichi oʻtkazildi

17:00 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
436 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Nukus shahrida 13-14-sentyabr kunlari II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichi yakuniga yetdi.

Sharq xalqlari folklor sanʼatining yetakchi janri boʻlgan baxshichilikni keng targʻib qilish, folklor anʼanalari va qadriyatlarini saqlash, oʻrganish, targʻib etish, rivojlantirish va baxshichilik sanʼatining mohir ijrochilarini ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilgan tanlovda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan 80 nafarga yaqin baxshi va jirovlar ishtirok etdi.

Ikki kun davomida baxshi va jirovlar tomonidan termalar, kuy-qoʻshiq va dostonlar ijro etildi. Oqinchilik maktabi boʻyicha baxshilarning chiqishlari tinglanib, hayʼat aʼzolari tomonidan baholab borildi.

Nukus shahridagi Yosh tomoshabinlar teatrida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari B.Ahmedov va boshqalar soʻzga chiqdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Baxshichilik va dostonchilik sanʼati tarixi, baxshilar va dostonchilar ijodini mukammal oʻrganish, xalq ogʻzaki ijodi yodgorliklarini toʻplash, yosh avlod qalbida baxshichilik sanʼatiga mehr-muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, yosh avlodni mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga va ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalash uchun tashkil etilgan ushbu festival doirasida qator tadbirlar oʻtkazish nazarda tutilgan. Shubhasiz, ushbu tadbirlar oʻzaro doʻstlik, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tanlov yakunida oliy oʻrin – Gran-pri Qashqadaryo viloyatidan Bahrom Rahimovga, birinchi oʻrinlar toʻrtta maktab yoʻnalishi boʻyicha Surxondaryo viloyatidan Baxshiqul Togʻayev, Xorazm viloyatidan Feruz Normatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Janibek Piyazov va Gulbahor Aqimbetovaga nasib etdi.

Qashqadaryo viloyatidan Mahmatmurod Rajabov, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Adilbek Baxtibayev, Toshkent viloyatidan Talgʻat Oʻrinbayev, Xorazm viloyatidan Karimbay Otamurodov ikkinchi, Surxondaryo viloyatidan Ravshan Mahmatmurodov va Muhammad Eshboyev, Jizzax viloyatidan Ozod Temur, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Quvanish Seytimbetovlar uchinchi oʻrinni egalladi.

Shuningdek, “Eng yosh baxshi”, “Eng namunali jamoa”, “Eng iqtidorli ayol baxshi”, “Eng yaxshi termalar ijrochisi” kabi 13 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Folib va sovrindorlarga maxsus diplom va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?