“Nukus” poligonida yangi qurilishlarga start berildi

17:52 27 Iyul 2020 Jamiyat
433 0

Yurtimizning eng olis garnizonida joylashgan “Nukus” poligoni infratuzilmasini yana-da takomillashtirish maqsadida qoʻshimcha 15 ga yaqin obyektlarni qurish va taʼmirlash ishlarini olib borish uchun ramziy tamal toshi qoʻyildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan “Nukus” dala-oʻquv maydonida boʻlib oʻtgan tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov soʻzga chiqib, jumladan shunday dedi:

«Milliy armiyamizda boʻlayotgan oxirgi ijobiy oʻzgarishlarga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz. Bunda birinchi navbatda, Prezidentimizning bevosita rahbarligi ostida olib borilayotgan islohotlarning asosini qoʻshinlar jangovar shayligini yuqori saviyaga koʻtarish, harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat vazifalarini bajarishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish boʻyicha katta rejalar amalga oshirilganini eʼtirof etish joiz».

Qoʻmondon Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hududida joylashgan ikkita poligonda ham salmoqli ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etar ekan, bugungi zamon talabiga mos va jangovar tayyorgarlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladigan yangi obyektlarni ham qurish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi. Shuningdek, yurtimizning katta qismi choʻl va yarim choʻl hududlaridan iborat boʻlgani bois, aynan shunday murakkab sharoitda harbiy xizmatchilarning jangovar harakatlarni olib borish koʻnikmasini mustahkamlashda “Nukus” dala-oʻquv maydonining roli haqida alohida toʻxtaldi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan sifatli shugʻullanishi uchun harbiy okruglar tasarrufidagi dala-oʻquv maydonlari zamonaviy holatga keltirilib, ularda xalqaro darajadagi harbiy mashgʻulotlarni olib borish imkoni mavjud.

“Nukus” poligonining umumiy maydoni 32 ming gektardan ziyod boʻlib, unda boʻlinmalarning jangovar texnika va oʻqotar qurollardan amaliy otish mashgʻulotlarini oʻtkazish, zenit qurilmalari, stvolli va reaktiv artilleriyadan oʻt ochish, jangovar va avtomobil texnikalarini boshqarish kabi mashgʻulotlar olib boriladi.

Jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini yuqori saviyada oʻtkazish uchun dala-oʻquv maydoni hududida mavjud boʻlgan avtodrom, tankodrom, jangovar mashinalar direktrisasi, qoʻshinlar otish maydoni, maxsus-taktik mashqlar va olovli ishgʻol yoʻlaklari, merganlar marrasi, havo-hujumidan mudofaa boʻlinmalarini tayyorlash va muhandislik shaharchalari, radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza, aloqa tayyorgarligi va artilleriya boʻlinmalarini tayyorlash shaharchalari hamda armiya biatloni yoʻlagi harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab, koʻnikmalarining oshishiga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan ajratilgan mablagʻlar evaziga poligon hududida 200 oʻrinli oshxona, 400 oʻrinli 2 ta yotoqxona, saf maydoni va suv nasosi inshooti qurilishi davom etmoqda.

Harbiy-maʼmuriy sektor koʻmagi bilan endilikda poligonda yaqindan jang olib borish shaharchasi, avtomobil va jangovar texnikalarni saqlash uchun dala parki, sport shaharchasi hamda yozgi oʻquv sinflari hamda boshqa obyektlarni barpo etish va jihozlash rejalashtirilgan.

Yaqin istiqbolda merganlar otish joyining qurilishi hamda vertolyot qoʻnish maydonchasining jihozlanishi ham belgilangan.

Bir soʻz bilan aytganda, harbiylarimizning xalqaro maydondagi harbiy musobaqalar va hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarda munosib ishtirok etishini taʼminlash uchun mazkur poligonda barcha qulayliklar muhayyo etilmoqda.

Qurilish ishlarining sifatli hamda talablarga javob berishini taʼminlash maqsadida qurilish-montaj ishlarining nazorati uchun harbiy okrugning tajribali ofitserlari jalb etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?