“Nukus” poligonida hokimlar va davlat idoralari rahbarlari harbiy koʻnikmalarini oshirdi

12:32 25 Noyabr 2022 Jamiyat
303 0

Foto: Xalq so‘zi

“Nukus” umumqoʻshin poligonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida harbiy yigʻin oʻtkazildi.

Yigʻinning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari Sanʼatbek Salayev hamda yigʻinga jalb etilgan shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yigʻinlar “Xalq va armiya – bir tanu, bir jon” degan ezgu gʻoyaning amaliy ifodasi ekani, Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning hamkorligi samaradorligini yanada oshirishdek ezgu maqsadga xizmat qilishini taʼkidladilar.

“Nukus” poligonida tantanali kutib olingan yigʻin qatnashchilari askarlar yotoqxonasiga joylashtirildi. Ularga harbiy kiyim tarqatilib, kun tartibi tanishtirildi.

— Yigʻin davomida harbiycha hayotga anchagina moslashib oldik, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Tajetdin Madireymov. — Dam olish, ovqatlanish, oʻquv mashgʻulotlari – barchasi harbiylarning kun tartibi asosida oʻtkazildi. Guruhlarga boʻlinib, koʻrgazmali mashgʻulotlarda ishtirok etdik. Unda qudratli harbiy texnika va qurol-aslahalar, xususan, oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, oʻqdonlarni oʻq-dori bilan toʻldirish, qurolni oʻq otishga tayyorlash, moʻljalga olish hamda taktik harakatlar bilan jangovar juftlikda belgilangan toʻsiqlardan oʻtib, pozitsiyani egallash borasidagi koʻnikmalarimizni oshirdik.

Taʼkidlash joizki, ushbu yigʻinni tashkil etish va oʻtkazish uchun Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan “Nukus” umumqoʻshin poligonida barcha shart-sharoitlar muhayyo etilib, bir qancha oʻquv va mashgʻulot nuqtalari tashkil qilindi. Yigʻin doirasida har bir ishtirokchi jangovar tayyorgarlik elementlarini shaxsan bajarib, oʻqotar qurollardan nishonlarga qarata amalda oʻq otishi hamda jangovar texnikalarni boshqarishi belgilandi.

Tadbir doirasida qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik hamkasblar uchun oʻzaro musobaqalashish imkoniyati ham yaratildi. Arqon tortish, tosh koʻtarish, pichoq uloqtirish boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvlar yakuni boʻyicha doʻstlik gʻalaba qozondi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?