Nufuzli anjumanda Oʻzbekiston vakillari faol ishtirok etishdi

21:37 11 Iyun 2021 Siyosat
444 0

Joriy yilning 9-10-iyun kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazining AQSHdagi hamkori “Kaspiy siyosati markazi” tashabbusi bilan Trans-Kaspiy yoʻlagi mamlakatlarining strategik faolligi va farovonligini oshirish imkoniyatlari va muammolari muhokamasiga bagʻishlangan videokonferensaloqa shaklidagi anʼanaviy 5-forumi boʻlib oʻtdi. Unda Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya va Oʻzbekistonning AQSHdagi elchilari hamda AQSH Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi, Savdo vazirligi, Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari, Trans-Kaspiy mintaqasida joylashgan bir qator mamlakatlar vazirlari, vazirliklar masʼullari, “aql markazlari” va bir qator boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Bu haqda Markaz axborot xizmati xabar berdi.

Ikki kun davom etgan mazkur nufuzli anjumanda AQSH Davlat kotibining savdo siyosati va muzokaralar boʻyicha yordamchisining iqtisodiy va biznes masalalari boʻyicha byurosi, AQSH Davlat departamenti xodimi Mett Myurrey, Rossiya va Markaziy Osiyo boʻyicha katta menejer vazifasini bajaruvchi, AQSH Milliy xavfsizlik kengashi xodimi Erik Grin, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha byurosi xodimi Margot Ellisning maʼruzalari tinglandi.

Forumda, shuningdek, Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqi Zavqizoda, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Yavuz Selim Kiran, Gruziya tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Lasha Darsaliya, Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri oʻrinbosari Odilbek Isoqov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxodjayevlar ham maʼruza bilan chiqish qilishdi.

Forum ishtirokchilari taʼkidlashganidek, 2020-yilgi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlarga qaramay, gʻarbda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Turkiya hamda Kaspiy dengizining sharqida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Afgʻonistondan iborat Trans-Kaspiy savdo va tranzit yoʻlagi Evropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqni bogʻlagan quruqlikdagi muhim yoʻl sifatida dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Shu bois Kaspiy dengizi mamlakatlari COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib oʻtib, hukumat va xususiy sektor sherikligida iqtisodiy oʻsish yoʻllarini izlab topishlari, infratuzilma va innovatsiyalarga investitsiyalarni jalb qilishga eʼtibor qaratishlari maqsadga muvofiq. Bu esa, nafaqat mintaqa, balki butun dunyo iqtisodiyotini tiklashda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Trans-Kaspiy mamlakatlari ushbu yangi imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiy taraqqiyotga erishish harakatidan boʻlishlari lozim.

Xususan, Trans-Kaspiy yoʻlagi tashkil etilganidan buyon mintaqada energiya tashuvchilari savdosi ham tez surʼatlarda oʻzgarib bormoqda. Shu bilan birga, Transadriatik gaz quvurining hamda Janubiy gaz yoʻlagining qurilishi yakunlanib, Kaspiy energetika resurslari Yevropa Ittifoqiga eksport qilina boshlandi.

– Oʻzbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ulkan salohiyatga ega, – dedi oʻz chiqishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Shu bois neft va gaz bilan bir qatorda, quyosh, shamol hamda gidroenergetikaning taraqqiyoti mintaqadagi bozor infratuzilmasini yaqin kelajakda yaxshilash imkonini beradi. Shu bois, Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan muqobil energiya manbalari sohasini rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlarga asoslangan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning oʻrganilgan gidroenergetika salohiyati yiliga 27,5 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Ayni paytda mamlakat texnik gidroenergetika imkoniyatining atigi 39 foizidan foydalanadi, xolos.

2017-yildan buyon Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha milliy Harakatlar strategiyasi doirasida boshqa sohalar qatori energetika sohasini ham faol isloh qilmoqda. Jumladan, iqtisodiyotning energiya va resurslar intensivligini kamaytirish, energiya tejaydigan va “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan kengroq foydalanishni ragʻbatlantirish, iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish Oʻzbekistonning energetika siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan hisoblanadi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun qator strategik hujjatlar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, 2021-yilgi Davlat dasturi hamda Prezidentning har yili Parlamentga yoʻllaydigan murojaatlarida energetika sohasida tub islohotlar zarurligi bot-bot taʼkidlanmoqda. Elektr energiyasi, neft, gaz va kimyo sanoatidagi bir nechta davlat kompaniyalarini Jahon banki, YETTB, OTB kabi xalqaro moliyaviy tashkilotlar, McKinsey & Company, Boston Consulting Group, Rothschild & Co va boshqa dunyoga mashhur kompaniyalar hamkorligida modernizatsiya qilish, birgalikda yangi muqobil energiya ishlab chiqarish manbalarini yaratish ishlariga izchil kirishilgan.

Oʻzbekistonda “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish esa, yaqin oʻn yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini qariyb uch baravar, yaʼni 25 foizgacha koʻpaytirish imkonini beradi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun taxminan 10 GVt qayta tiklanadigan energetika obyektlarini, shu jumladan, 5 GVt quyosh, 3 GVt shamol va 1,9 GVt GESlarni qurish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va xorijiy investitsiyalar faol jalb qilinmoqda.

Bu kabi saʼy-harakatlar Oʻzbekiston energetika sohasidagi monopoliyaga chek qoʻyish hamda xususiy sektor va bozor mexanizmlarini joriy etish yoʻlida sobit ekanini namoyon etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxodjayev oʻz maʼruzasida forum ishtirokchilari eʼtiborini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli iqtisodiyotga innovatsiyalarni joriy etish masalalariga qaratdi hamda Oʻzbekistonda qashshoqlikni kamaytirish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi savollarga javob qaytardi.

Forumning birinchi kunidagi muhokamalarda ishtirok etgan ekspertlar Trans-Kaspiy yoʻlagining qoʻshni mintaqalarni bir biriga bogʻlovchi koʻprik sifatidagi muvaffaqiyati, tovarlarni mintaqaning xilma-xil geografiyasi boʻylab oʻtkazish uchun multimodal transport markazlari zarur ekani, hukumatlar yangi loyihalarni boshlash uchun zarur boʻlgan katta mablagʻlarni jalb qiladigan investitsiya muhitini yaratish ustida ish olib borishlari lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, forumning ikkinchi kunidagi Trans-Kaspiy aloqalari va infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan muhokamalarda Kaspiy mintaqasi dunyodagi eng kam ichki bogʻlangan mintaqalardan biri hisoblanishi va savdo-sotiq hamda boshqa aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli sharq-gʻarbiy tranzit yoʻllarini tashkil etishga kiritilayotgan sarmoyalar hajmini oshirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Mintaqa mamlakatlarining Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz bilan bogʻlaydigan va hayotiy infratuzilmani modernizatsiya qiladigan yangi tranzit yoʻnalishlarini ishlab chiqishi, ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalarini izlab topishi juda muhim ekani qayd etildi.

Qizgʻin bahs va savol-javob tarzida boʻlib oʻtgan ikki kunlik forum yakunida Trans-Kaspiy aloqasi va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Buyuk Kaspiy mintaqasini kelajakda yana-da rivojlantira oladigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va ushbu saʼy-harakatlarga xususiy sektorni jalb qilish jarayonini yengillashtirish boʻyicha xorijiy tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, taklif-tavsiyalar bildirildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?