Nozik qalbida ulkan matonatni asrayotgan ayol

16:33 15 Mart 2023 Jamiyat
519 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun, aytish mumkinki, har bir mahallaning oʻz drayveri bor. Quvonarlisi, ular orasida aynan xotin-qizlar tomonidan yuritilayotgan tarmoqlar ham talaygina. Masalan, Andijon tumanidagi «Zavroq» mahallasida ayollar koʻrpa-toʻshak qavishning xadisini olganlar. Xonadonida tayyorlangan mahsulotni hatto qoʻshni davlatlarga ham eksport qilishadi. Oltinkoʻlning «Axtachi» mahallasida esa issiqxonachilik keng rivojlangan. Bu yerda mahalla ayollari bir yilda toʻrt martagacha hosil yigʻish bilan bir qatorda respublikamizning turli hududlariga poliz koʻchatlarini ulashadilar. Marhamat tumanidagi «Qoraqoʻrgʻon» mahallasi xotin-qizlari toʻqiyotgan jun roʻmollarga chet elliklar xaridor. Biroq shu tumanning «Oqbosh» mahallasida xotin-qizlardan iborat quruvchilar jamoasi bor, desak balki ishonmassiz... Axir quruvchilikni nozik xilqat vakillariga emas, alpdek er yigitlarga xos ish deb bilamiz.

— Buning tarixi uzoq yillarga borib taqaladi, — deydi mahalla faoli Oʻgʻiloy Mamasoliyeva. — Mahallamiz tuman markazidan biroz olisda, shu bilan birga qir-adirlikda joylashgan. Aholi mavjud sharoitdan kelib chiqqan holda chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan. Bu xotin-qizlar oʻrtasidagi ishsizlikning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Vaziyatdan chiqish uchun oʻz uyida taʼmirlash ishlarining uddasidan chiqadigan ayollar oʻzaro maslahatlashib, suvoqchilar guruhini tashkil etishgan. Bajargan ishlari sifatli boʻlgani bois tez orada buyurtmachilar soni ortgan. Oʻz mahallasidan ortib, tumanning boshqa hududlariga borib ishlashgan. Yaxshi ustalarga har doim talab boʻlgan. Shu bois ularni oʻsha paytdagi qurilish tashkilotlaridan biri ishga qabul qilgan. Mehnat qilishlari uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Bunday qulaylikdan foydalangan boshqa xotin-qizlar ham ularning safidan joy olavergan. Shu tariqa suvoqchi xotin-qizlar jamoasi tarkib topgan. Bugungi kunga kelib qurilish sohasida ham yangicha uslublar joriy etildi. Opa-singillarimiz goʻzallik yaratishga moyil boʻlganliklari bois pardozchilikning sirini ham oʻzlashtirdilar. Yevroremont, deysizmi, milliy taʼmir deysizmi, hammasining uddasidan chiqishadi. Shu tariqa yuzlab mahalladosh opa-singillarimiz quruvchilik sohasida faoliyat yuritib kelmoqdalar. Ularning har biri maqtovga loyiq. Ayniqsa, Aynogul Risqulova alohida eʼtirofga loyiq. Uning yaqinda, Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlangani ham bejiz emas.

Neki yutuqlarim boʻlsa, oilam tufaylidir

«Oqbosh» mahallasining 70 foiz aholisini qirgʻiz millatiga mansub hamyurtlarimiz tashkil etadi. Aynogul ular orasida ham mehnati bilan, ham namunali bekaligi bilan ibrat boʻlib kelmoqda.

— Koʻpchilik: «Ayol boshing bilan quruvchilikda nima qilasan? Undan koʻra oʻqituvchi yoki shifokor boʻlsang boʻlmasmidi?»deya savol beradi, — deydi Aynogul. — Men aslida maktabda oʻqib yurgan paytlarimdayoq kelajak yoʻlimni belgilab boʻlganman. Bunga opalarim Sora hamda Xoligullar sababchi. Ular qurilish tashkilotida suvoqchilik qilishar edi. Avtobus mahallamizga kelib, barcha ishchi xotin-qizlarni olib ketar, kechqurun olib kelardi. Juda ahil jamoa boʻlishgan. Mehnatlaridan hech qachon nolishmagan. Har doim ishga shoshilishgan. Yon-atrof tumanlarda yangi bino barpo etilsa yoki taʼmirlansa, ularning hissasi boʻlardi. Bu esa mening havasimni keltirgan. Maktabni tamomlasam, men ham suvoqchi boʻlaman, deya orzu qilganman.

Aynogulning bu favqulodda orzusi dastavval atrofdagilarni hayratga solgani rost. Mana, 24 yildirki, u pardozlash kasbi bilan yuzlab binolarga sayqal berib kelmoqda. Sirdaryo viloyatidagi Sardoba hamda poytaxtimizdagi “Tashkent City” qurilishlarida ishtirok etdi. Hozirda «Marhamat 112-qurilish» MCHJda faoliyat yuritayotgan qahramonimiz bir yilda oʻrtacha 5-6 ta bino qurilishida qatnashadi. Ayni paytda Qoʻrgʻontepa tumanida barpo etilayotgan Prezident maktabi bunyodkorligida jonbozlik koʻrsatmoqda.

Bir ogʻiz «Rahmat» soʻzi barcha afsuslarimni aritdi

Qurilish sohasida mehnat qilishning oʻzi boʻlmaydi, ayniqsa, ayollar uchun buning mashaqqati koʻp. Qishning sovugʻida, yozning jaziramasida bir imorat barpo etish ogʻizga oson. Biroq bular Aynogulni tashvishlantirmaydi. Qanday sharoitda boʻlmasin, bajargan ishining mahsulini koʻrish uning uchun har doim zavqli.

— Hech esimdan chiqmaydi,-xotirlaydi u. — Yangi qurilgan bogʻchani foydalanishga topshirishimiz kerak edi. Men pardoz ishlari bilan shugʻullandim. Rahbarlarimiz topshirigʻiga binoan barcha ishlarni tartib boʻyicha bajardim. Ertalab ishga kelib ne koʻz bilan koʻrayki, devorlarda biz kutgan rang hosil boʻlmagan edi. Oʻshanda eshitmagan gapim qolmagan. Rahbarlarimizni ayblamayman, sababi, ular ham har bir ishni oldindan loyihalashtirib, tegishli idoralardan tasdiqlatib oladi. Men zimmamdagi vazifaning uddasidan chiqa olmaganimdan, sifatli ish bajarmaganimdan ich-etimni yedim. Lekin xatoni tuzatish uchun vaqt yoʻq edi. Qabul qiluvchilar bogʻchaga kelib, har bir ishni tekshira boshlashdi. Men ignaning ustida turgandek xavotir va hayajonda edim. Navbat pardoz ishlariga kelgach, ishimga yuqori baho berib, devorning ranglari ham toʻgʻri tanlanganini eʼtirof etib qolishsa boʻladimi! Bir ogʻiz «Rahmat» soʻzi barcha afsuslarimni aritdi.

Marhamat tumani Andijon viloyatining eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Aynogulga qurilish obyektlariga qatnab ishlash oson emas. Baʼzan erta ketib, kech kelishi mumkin. Bu holat turmush oʻrtogʻining eʼtirozlariga sabab boʻlgan paytlar ham boshidan oʻtgan.

— Bolalarim kichik yoshda edi, ishdan kech kelsam, ovqat qilishga, uylarni yigʻishtirishga ulgurmay qolardim, — eslaydi Aynogul Risqulova. — Oʻshanda turmush oʻrtogʻim ishga chiqmay, uyda oʻtirishimni, bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanishimni talab qilgan. Aslida oʻzi ham qurilish sohasida mehnat qilgani uchun bunday ogʻir ishda faoliyat yuritishimni istamas edi. Men esa ham uyning, ham ishning uddasidan chiqishga harakat qildim. Shunday qilmasam boʻlmas edi, boisi, ishimni yaxshi koʻraman! Har gal bino foydalanishga topshirilayotganda bajargan ishimga qarab zavqlanaman. Kimdir biz mehnat qilgan binoga qarab «Chiroyli bino ekan», desa gʻururlanaman. Aslida inson oʻzi sevgan kasbda faoliyat yuritsa, bajargan ishidan oʻzi qoniqsa, eng katta baxt shu ekan!

Menga orden topshirishlari xayolimga ham kelmagan

— 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Andijon viloyat hokimligidan poytaxtga, asosiy bayram tadbiriga borishimni aytishdi. Men koʻnmadim. Sababi, kelinim shifoxonada edi. Uch nafar egizak farzandlari mening qaramogʻimda qolgan. Ularni kimgadir qoldirib ketganim bilan koʻnglim xotirjam boʻlolmasdi. Hokimiyatdagilarga shuni tushuntirsam, bormasangiz boʻlmaydi, deyishdi. Noiloj bordim. Shunday nufuzli bayramga taklif qilishganidan bir gʻururlansam, uch nabiramni oʻylab ming tashvishda edim. Kutilmaganda «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlansam boʻladimi! Bu haqida menga maʼlum qilishmagan, hatto xayolimdan ham oʻtmagan edi. Shundan boʻlsa kerak, bir zumda nimalar boʻlib oʻtganini his qilishga ham ulgurmay qoldim. Oyoqlarim oʻzimga boʻysunmas, tilimga soʻz kelmasdi. Ancha vaqtgacha koʻksimga hukumatimizning yuksak eʼtirofi boʻlmish orden taqilganiga ishongim kelmadi. Lekin bu haqiqat, kutilmagan baxt edi. Qarang, qanday ajoyib davrda, qanday goʻzal davlatda yashaymiz. Eng chekka qishloqning oddiy suvoqchi ayolini ham hurmat qilib, unga yuksak ishonch bildiradigan elu yurtdan faxrlanaman!

Soʻngsoʻz oʻrnida

Bugun respublikamizning har bir hududi katta qurilish maydoniga aylangan. Ayniqsa, Andijon viloyatida bunyodkorlik ishlariga yuz tutmagan mahallaning oʻzi yoʻq. Koʻkka qarab boʻy choʻzayotgan viqorli imoratlarga ramz solar ekanmiz, mana shunday binolarda zabardast qoʻllar bilan bir safda nozik barmoqlar ham iz qoldirganiga ishonging kelmaydi. Aslida ana shu nozik qalb egalari yuragida mujassam katta matonat, kuch, gʻayrat va shijoat binolarimizdagi salobatga sababchidir. Ularning ulkanligi, mahobatli va goʻzalligi quruvchilar qalbidagi shijoat namunasi, desak yanglishmaymiz.

«Doʻstlik» ordeni sohibasi Aynogul Risqulova huzuridan qaytar ekanmiz, dilimizdan ana shu fikrlar oʻtdi.

Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?