Notariusdan tovlamachilik yoʻli bilan 38 000 AQSH dollari talab qilgan fuqaro qoʻlga olindi

21:50 13 May 2021 Jamiyat
536 0

2021-yil 7-may kuni Samarqand viloyati IIBga, Kattaqoʻrgʻon shahrida notariuslik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Kattaqoʻrgʻon shahrida yashovchi Sh. ismli shaxs 2020-yil sentyabr oyidan buyon uni fuqarolar oʻrtasidagi uy-joy oldi-sotdi shartnomasini noqonuniy rasmiylashtirganligini roʻkach qilib, jinoiy javobgarlikka torttirib, qamatib yuborish bilan qoʻrqitib kelayotganligini, 38 000 AQSH dollari evaziga tergov organiga borib aybi yoʻqligini yozib berib, tinch qoʻyishini aytib, undan tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilayotganligini bildirgan.

Arizaga asosan, oʻtkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Kattaqoʻrgʻon shahar kadastr xodimlarining noqonuniy harakatlari boʻyicha jinoyat ishi mavjudligi, jinoyat ishi yuzasidan xususiy notariusning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi aniqlandi.

Shundan soʻng, mazkur arizaga asosan, 7-may kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Kattaqoʻrgʻon tumani Payshanba shaharchasida tezkor tadbir oʻtkazilib, Kattaqoʻrgʻon tumani Baland Chordara MFYda yashovchi M.Sh. ariza muallifidan 33 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib hujjatlashtirildi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?