Notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi belgilandi

09:43 28 Iyul 2021 Hujjatlar
848 0

Hukumat qarori bilan Notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, notariuslarning notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi ustidan nazorat qilish quyidagi tekshirishlar orqali amalga oshiriladi:

➖rejali tekshirish – adliya organlari tomonidan tasdiqlangan yillik (choraklik) ish rejasiga kiritilgan va har uch yilda bir marta oʻtkaziladigan nazorat shakli;

➖qisqa muddatli tekshirish – notariuslar faoliyati adliya organi tomonidan reyd (har yili kamida bir marta), “sirli mijoz” hamda xizmat tekshiruvi tarzida amalga oshiriladigan nazorat shakli;

➖kameral tekshirish – adliya organlari tomonidan oʻzi joylashgan manzil boʻyicha notariuslarning notarial harakatlarni rasmiylashtirishda qonunchilikka rioya etilishini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi maʼlumotlar hamda adliya organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlarni oʻrganish, tahlil qilish va umumlashtirish orqali amalga oshiriladigan nazorat shakli.

Notarius ish faoliyatini dastlabki tekshirish u ish boshlaganidan bir yil oʻtgandan soʻng amalga oshiriladi.

Rejali tekshirish muddati bir notarius faoliyatini oʻrganish uchun 5 ish kunidan oshmasligi shart.

Reyd tadbiri adliya organi rahbarining buyrugʻiga asosan amalga oshirilib, uni oʻtkazish muddati 1 ish kuni etib belgilanadi.

“Sirli mijoz” tadbiri quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

notarial harakatlarning sifati va tezkorligi adliya organida shubha uygʻotganda, ushbu sohada huquqbuzarliklar sodir etilayotganligi haqidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritish zarurati tugʻilganda;

huquqiy xizmat koʻrsatish jarayonidan noroziligi haqidagi murojaatlar kelib tushganda.

“Sirli mijoz” tadbirini oʻtkazish uchun 1 ish kuni, davomli notarial harakatlar uchun – ushbu harakatning oxirgi kuniga qadar muddat belgilanadi.

Kameral tekshirish adliya organi rahbarining buyrugʻi asosida amalga oshiriladi va u muntazam ravishda oʻtkaziladi.

Barcha turdagi tekshirish natijasi boʻyicha tegishli maʼlumotnoma tuziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?