Notarial idoralar uchun oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari aniqlandi

22:27 05 Dekabr 2021 Jamiyat
293 0

“Yilning eng yaxshi notariusi” hamda “Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichlari joriy yilning 16-noyabridan 25-noyabrgacha oʻtkazilib, respublika bosqichi ishtirokchilari aniqlab olindi.

“Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi” koʻrik-tanlovida ishtirok etgan 14 nafar hududiy boshqarmalar xodimlarining har biri hakamlar hayʼati eʼtiboriga oʻzlari tayyorlab kelgan, notariat sohasini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni taqdim etdilar. Ikkinchi shartga koʻra ishtirokchilarning Konstitutsiya va fuqarolik huquqi boʻyicha bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

“Yilning eng yaxshi notarial palatasi” tanlovi yakuniy bosqichining 1-shartiga koʻra tanlov hayʼatiga notarial harakatlarga bagʻishlangan 3-5 daqiqali videoroliklar taqdim etildi. Ikkinchi sharti — Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblar boʻlib, notariuslarning javob berishda hozirjavobligi, javoblarning qisqa va loʻnda ekanligiga eʼtibor qaratildi.

Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan Notarial palata raisi Dilshod Ashurov faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan notariuslarni hamda faol Notarial palata xodimlarini ragʻbatlantirib borish, notariat sohasida Oʻzbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat imiji yaxshilashga hissa qoʻshish — Palataning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlaridan ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hududiy boshqarmalar xodimlari va notariuslar ushbu tanlovga katta tayyorgarlik, koʻtarinki ruh bilan ishtirok etdilar.

Tanlov hayʼati aʼzolari tanlovning xolis va shaffof olib borilishiga eʼtibor qaratdilar.

Tanlov hayʼati xulosalariga koʻra “Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi” tanlov ishtirokchilari orasida bilimli va hozirjavob ishtirokchi deb topilgan Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi masʼul xodimi Nasiba Joʻrayevaga birinchi oʻrin, Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi masʼul xodimi Laziz Gʻulomovga ikkinchi oʻrin, Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi masʼul xodimi Alisher Hamroyevga uchinchi oʻrin nasib etdi.

“Yilning eng yaxshi notariusi” tanlovining mutlaq gʻolibi Navoiy viloyati Navbahor tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Asliddin Fazliddinov deb topildi. Xorazm viloyati Urganch shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Barno Avezova ikkinchi oʻringa, Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Alisher Abdinazarov uchinchi oʻringa munosib deb topildilar.

Qolgan ishtirokchilar Notarial palataning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?