Notarial harakatlarda aholiga qulaylik oshirilmoqda

19:35 06 Dekabr 2022 Siyosat
805 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev notarial jarayonlarda aholiga qulayliklarni oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda notariuslarda davlat boji stavkalari juda koʻp toifalarga ajratilgani sababli ularni hisoblashda noqulayliklar tugʻilmoqda. Xususan, avtomototransport vositalari bilan bogʻliq shartnomalarni tasdiqlash uchun davlat boji 12 ta, koʻchmas mulk, garov, ipoteka va lizing shartnomalari boʻyicha 6 ta toifaga boʻlingan.

Shu bois davlatimiz rahbari notarial harakatlar tizimini soddalashtirish va aholiga qulayliklarni oshirish vazifasini qoʻygan edi. Shunga asosan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, notarial harakatlar uchun undiriladigan davlat bojlarining stavkalari optimallashtirilmoqda.

Masalan, hozirda davlat boji stavkalarini hisoblashda uy-joyning maydoniga, avtomototransport vositalarining dvigatel quvvati va ishlab chiqarilgan yiliga qaraladi. Endi bu boradagi toifalar qisqartirilib, stavkalar birxillashtirilmoqda, ayrimlari kamaytirilmoqda.

Jumladan, koʻchmas mulk boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarini notarial tasdiqlash uchun davlat boji, uning maydonidan qatʼi nazar, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, boshqa joylarda 0,5 baravari miqdorida, eng past stavkada belgilanmoqda.

Garov, ipoteka, lizing va qarz shartnomalarini notarial tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan bojlar birxillashtirilib, yagona stavka oʻrnatilmoqda.

Avtotransport oldi-sotdisini notarial tasdiqlashda, dvigatel quvvati va ishlab chiqarilgan yilidan qatʼi nazar, bir xil stavkada – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida boj undirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mol-mulkni ijaraga berish yoki undan tekin foydalanish, avtomototransport boʻyicha ishonchnoma berish kabi kelishuvlarni notarial tasdiqlash uchun boj miqdori kamaytirilmoqda. Fuqaroning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminotiga nisbatan merosxoʻrga guvohnoma berish uchun davlat boji bekor qilinmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi notarial jarayonlarni osonlashtirishga, turli noaniqlik, nizo va korrupsiya holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Yiliga 100 milliarddan soʻmdan ortiq mablagʻ aholi ixtiyorida qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?