Norvegiya 29-maydan boshlab rossiyalik sayyohlarning mamlakatga kirishini taqiqlamoqda

13:38 23 May 2024 Dunyo
269 0

Illyustrativ foto

Norvegiya Rossiya fuqarolarining kirishiga qoʻshimcha cheklovlar kiritdi. Shu yilning 29-mayidan boshlab mazkur Skandinaviya mamlakatiga sayyohlik yoki «muhim boʻlmagan» maqsadlarda kelayotgan rossiyaliklarga kirish taqiqlanadi. Yaqin qarindoshlarini ziyorat qilish yoki Norvegiya yoki Shengen hududida ishlash va oʻqish maqsadida sayohat qilgan Rossiya fuqarolari uchun bu tartib istisno boʻlishi mumkin.

Norvegiya hukumatining press-relizida qayd etilishicha, cheklov Norvegiya tomonidan 2022-yil bahorigacha berilgan vizaga ega boʻlganlarga ham, boshqa Shengen mamlakatlari tomonidan berilgan vizaga ega fuqarolarga ham tegishli.

Norvegiya Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyoti ortidan mamlakatga ruslarning kirishini cheklab qoʻydi va turistik vizalar berishni deyarli toʻxtatdi.

Avvalroq, Norvegiya politsiyasi xavfsizlik xizmati Gʻarbiy Norvegiya boʻlimi boshligʻi Torgils Lutro mahalliy NRK telekanaliga bergan intervyusida mintaqada rossiyalik razvedka xodimlari ishlayotganini maʼlum qilgandi. Uning fikricha, Rossiya muhim infratuzilmaga qarshi sabotaj tayyorlayotgan boʻlishi mumkin.

Gʻarbiy Norvegiyada Shimoliy Yevropaning eng yirik dengiz bazasi Hakonsvern, shuningdek, muhim neft va gaz obyektlari, elektr stansiyalari va boshqa elektr energiyasi bilan bogʻliq obyektlar joylashgan.

«Biz Rossiyaning baʼzi niyatlari qoʻporuvchilik aktlarini tayyorlash boʻlishi mumkinligini koʻryapmiz. Ular butun hudud boʻylab harakatlanmoqda», — deydi Lutro.

Shu oʻrinda Norvegiya politsiyasi xavfsizlik xizmati bir necha rus agentlarini fosh qilganini daʼvo qilmoqda. Ammo ularning aniq soni haqida maʼlumot berilmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер