Noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib joʻnatganlarga pul toʻlanadi

00:04 02 Yanvar 2022 Jamiyat
1058 0

“Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.

Moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qoʻshimcha ravishda:

huquqbuzarlarga:

moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdori 5 baravarga;

daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi;

moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pogʻona pasaytiriladi. Bunda:

darajasi bir pogʻona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil mobaynida darajasini koʻtarish imkonidan mahrum boʻladi;

darajasini bir pogʻonaga pasaytirish imkoni boʻlmagan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan toʻliq chiqarib tashlanadi;

yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning koʻkalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi (ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan va maʼnan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno);

davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yoʻq qilishni nazarda tutuvchi koʻrsatmalarni oʻz ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining koʻrsatmalari va qarorlarini qabul qilish qatʼiyan taqiqlanadi.

2022-yil 1-apreldan:

aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;

huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

2022-yil 1-sentyabrgacha “Yashil makon” platformasi ishga tushiriladi.

2022-yil 1-martdan:

daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablagʻlar ajratiladi;

oʻsimliklar dunyosi obyektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reyestri” tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, koʻkalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan shaxslarni “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.

Farmonga koʻra, respublikadagi davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar quyidagi tartibda toʻliq raqamlashtirish yoʻli bilan xatlovdan oʻtkaziladi:

2023-yil 1-martgacha – Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari boʻyicha;

2023-yil 1-sentyabrgacha – Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlari boʻyicha.

Farmon bilan shuningdek, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy korxonalari tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?