Non, tvorog, smetana, qandli choy oʻrniga, faqat pechenye va choy berilgan — Ombudsman

10:23 28 Noyabr 2021 Jamiyat
348 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi bilan birgalikda Chimboy “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida vasiylikka olinganlarga yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.

Monitoring davomida tegishli tartibda tasdiqlangan kundalik taomnoma asosida, oziq-ovqat mahsulotlarining berilayotganligi holati oʻrganilganida qator kamchiliklar aniqlandi. 

Jumladan, joriy yilning 10-noyabr kuni ikkinchi nonushtaga non, tvorog, smetana va qandli choy berilishi nazarda tutilgan boʻlsa-da, vasiylikka olinganlarga faqatgina pechenye va choy berilgan.

Bundan tashqari, internatda saqlanayotganlarga oʻz vaqtida tibbiy muolajalar koʻrsatilmayotgan ham aniqlandi. Jumladan, joriy yilning 5-15-noyabr kunlari oraligʻida massaj qilish uchun biriktirilgan internat xodimi J.A. tomonidan vasiylikka olinganlarga umuman massaj muolajalari olib borilmagan boʻlsada, ularga massaj qilganligi toʻgʻrisida tegishli jurnallar toʻldirgan.

Shuningdek, aniq vaqt oraligʻida qilinishi kerak boʻlgan muolajalarni oʻtkazishi kerak boʻlgan xodim ham ishga kelmaganligi va xizmat koʻrsatilmaganligi, lekin tegishli jurnallarda vasiylikka olingan shaxs uchun dori vositasi sarflanganligi qayd qilingan.

Internat xodimlari tomonidan vasiylikka olinganlarga kiyim-kechak, poyabzal, boshqa buyumlar va tasdiqlangan normalar boʻyicha yumshoq anjomlarning tarqatilishi holati oʻrganilganida ham ularni rasmiylashtirishda omborxona mudiri tomonidan xatoliklarga yoʻl qoʻygani, baʼzi hollarda olingan anjomlar tegishli tartibda vasiylikka olinganlarga tarqatilmagani aniqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?