Pandemiyaning ijobiy tomonlari haqida bilasizmi?

12:06 12 Avgust 2020 Jamiyat
391 0

Avgust oyida QVANT ilmiy-ommabop va amaliy jurnalining ilk soni jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi. QVANT – “question” (savol), “version” (versiya), “analytics” (tahlil), “news” (yangiliklar), “technologies” (texnologiyalar) soʻzlaridan olingan abbreviatura boʻlib, fan yangiliklari, eng soʻnggi texnologiyalar, ixtirolar, ilmiy tadqiqotlar hamda Oʻzbekiston va butun dunyo taraqqiyotining yangi davri, innovatsiyalar va yurtimizning ilgʻor fikrlovchi kishilari haqidagi maqolalarni oʻzida jamlagan.

Jurnalning muqovasida tasvirlangan niqob va maxsus kiyim-kiygan odamning suratidan nashr hozirgi kunda eng dolzarb mavzu – koronavirus pandemiyasiga bagʻishlanishi anglaniladi. Aslida ham shunday. “Nokaut yoki nokdaun” sarlavhali maqolada inson faoliyatining turli xil sohalariga va zaminimizdagi hayotning umumiy koʻrsatkichlariga pandemiya taʼsiri haqida soʻz ketadi. Pandemiyaning mehnat, turizm, neft, moliyaviy bozorlarga, ishlab chiqarishga taʼsiri olimlarimiz tomonidan tahlil qilinarkan, maqola orqali pandemiyaning ijobiy tomonlar haqida ham maʼlumotlar olishingiz mumkin.

Pandemiyadan eng katta zarar koʻrgan sohalardan biri – turizm. “Turizm va innovatsiyalar. Qanday yechim mavjud?” maqolasida Oʻzbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi faoliyatiga nazar tashlangan. “VUCA-olam va biz pandemiya davrida” maqolasida esa bugungi kunda jamiyat oldida turgan bosh masala – mutlaqo mavhumlik sharoitida masʼuliyat bilan harakatlanish yoʻlini topish haqida fikr yuritiladi. Jurnal sahifalarida, shuningdek, pandemiya davri uchun 6 tavsiya ham berilgan boʻlib, nashr ijodkorlari rahbarlar va xodimlarning mazkur tavsiyalarga rioya qilishi korxonaning yangi sharoitga moslashishiga, salbiy holatlarni chetlab oʻtishga yordam beradi, deb hisoblaydilar.

IT biznes uchun yoki biznes IT uchun. Bu saksoninchi yillar oxirida iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati Robert Sollouning mashhur jumlasidir. Haqiqatan ham axborot texnologiyalariga kiritilayotgan investitsiyalar iqtisodiyotni koʻtarilishiga sabab boʻlyaptimi, degan gʻaroyib savolga javobni aynan sarlavhasiga shu jumla olib chiqilgan maqoladan bilib olasiz.

Xalqaro moliya tashkilotlari (JB, ITB, OTB va boshqalar)ning qarz mablagʻlari va grantlardan foydalanishda korrupsiyaga yoʻl qoʻyilmaslik uchun qanday choralar koʻriladi? Vijdonsiz xatti-harakatlari uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan loyihalardan chetlatilganlar ichida yurtimiz kompaniyalari va vatandoshlarimiz bormi? Bu haqda “Gʻoliblik sari toʻgʻri yoʻl” maqolasida maʼlumotlar olasiz. Bundan tashqari, korrupsiya haqida yana bir alohida material berilgan boʻlib, unda bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar va xorijiy davlatlardagi mazkur jabhada qilingan chora-tadbirlar qiyosiy taqqoslangan.

Oʻz navbatida mamlakatimizda rivojlanayotgan startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash doirasida QVANT ilmiy-ommabop jurnali Oʻzbekiston innovatsion rivojlanishining bir qismiga aylanishi kutilayotgan endi ish boshlagan kompaniyalar va yosh olimlar loyihalarini qoʻllab quvvatlash maqsadida, ularning faoliyati va ehtiyojlariga doir maʼlumotlarni taqdim etgan. Bu startaplar va olimlarning loyihalarini rivojlantirishga yordam berish istagidagi investorlar, biznes-farishtalar uchun foydali maʼlumot boʻlishi mumkin.

Jurnalning sahifalarida joy olgan yana bir maqola vodorod energetikasiga bagʻishlanadi. Unda “yashil vodorod”ning afzalliklari, qoʻllanilishi haqida qiziqarli maʼlumotlar berilgan.

Nashr COVID-19 koronavirusini aniqlash uchun test tizimlarini yaratgani va ishlab chiqarayotgani munosabati bilan keyingi paytlarda tez-tez tilga olinayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi faoliyati haqidagi maqola bilan boshlangan boʻlsa, hali pandemiya hech kimning hayolida boʻlmagan davrlarda suratga olingan viruslarning butun dunyoda yuqori tezlik bilan tarqalishi haqidagi kinofilmlar obzori bilan yakunlanadi.

Xullas, QVANT ilmiy jurnali tadqiqotchilar va olimlardan haqqoniy, batafsil javoblar taqdim etadi. Unda siz savollaringizga javoblar topasiz, atrof-olam mohiyatini anglaysiz, tahlilchilar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, tibbiyot sohasi vakillari va boshqa mutaxassislar bergan aniq axborot tufayli boʻlajak voqea-hodisalarni taxmin qila olasiz.

106 sahifali rangli jurnal oʻquvchini ilm-fan olamiga chorlaydi. Uni qoʻlga kiritolmaganlar shu va boshqa koʻplab maqolalar bilan nashrning veb-saytida (qvant.uz) tanishishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?