Nogironligi boʻlgan shaxslarga saylov uchastkalarida sharoit yaratilganmi?

09:52 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
511 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Oʻzbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi vakillari Toshkent shahar, Mirobod va Yakkasaroy tumanidagi qator saylov uchastkalarida boʻlib, u yerda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar holatini oʻrgandi.

Oʻrganishlar davomida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oʻz siyosiy huquqlarini toʻlaqonli amalga oshirish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgani, jumladan, ularga alohida kabinalar ajratilgani, kirish va chiqish joylarida panduslar joylashtirilgani, koʻrish imkoniyati cheklanganlar uchun brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan taʼminlangani va saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilingani aniqlandi.

«Tan olish kerakki nogironligi boʻlgan shaxslar uchun bu yilgi saylov jarayoni oldingi yillardagidan mutlaqo yangicha tashkil etilgan» – deydi Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov. — Bugungi oʻrganishlarimizda saylov uchastkalarida panduslar borligi, kar va yaxshi eshitmaydigan saylovchilar uchun surdo-tarjimonlar ajratilgani, koʻzi ojizlar uchun brayl yozuvidagi trafaretlarning qoʻyilishi bizni quvontirdi. Shu bilan birga, nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berish jarayonlarida faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berildi.

Monitoring davomida saylov uchastkalariga qoʻyilgan panduslarni belgilangan talablarga moslashtirish, koʻzi ojizlar uchun maxsus yoʻlakchalarni tashkil etish, nomzodlar haqida audio maʼlumot olish imkoniyatini yaratish kabi tavsiyalar berildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?