Nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qoʻllaniladi

18:15 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
527 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal- demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bir qator qonun loyihalari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda koʻrib chiqildi.

Ayniqsa, “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi nihoyatda qizgʻin kechdi.

Ushbu hujjat bilan intellektual mulk obyektlarini roʻyxatga olish jarayonlarida ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni berish muddatini 10 kundan bir kunga, yaʼni obyekt muayyan davlat reyestrlarida roʻyxatga olingan kunning oʻzida tegishli guvohnoma elektron shaklda QR-kod bilan tasdiqlagan holda berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qoʻllanilishi haqidagi qoida mustahkamlanmoqda.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida hujjatdagi ayrim normalar yuzasidan mutasaddilarga bir qator savollar berishdi. Barcha savollarga atroflicha javoblar olingandan soʻng, qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohalalar, taklif va tavsiyalar berilgan holda, ushbu hujjat deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda deputatlar kun tartibiga kiritilgan navbatdagi hujjat — “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ham ikkinchi oʻqishda atroflicha muhokama qildilar.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida yer osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari roʻyxati va ularning vakolat doiralari aniq belgilanyapti. Yer qaʼri uchastkalarining davlat fondiga yangi “zaxira fondi” tushunchasi kiritilib, uning mohiyati yoritib berilmoqda.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun yaratilishiga, yer osti boyliklaridan foydalanish tizimidagi ziddiyatlar bartaraf etilishiga, barcha subyektlarga nisbatan yer qaʼridan foydalanish tizimini bir xilda amal qilishiga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilish chogʻida uning bugungi kundagi ahamiyati va zaruratini hisobga olib, ushbu hujjatni maqulladilar.

Yigʻilishda fraksiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?