Nogironligi boʻlgan shaxslar qariyb 650 ta kasbdan birini tanlay oladi

10:50 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
294 0

Illustrativ foto

2021-yil 21-dekabrda “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilingan edi.

Ushbu hujjatda:

2022-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berilishi;

nogironligi boʻlgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun daromad soligʻi boʻyicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirilishi;

2022-yil 1-fevraldan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun zarur maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi boʻsh ish oʻrinlari milliy bazasida aks ettirib borilishi;

2022-yil 1-martga qadar har bir hududda bittadan davlat xizmatlari markazida nogironligi boʻlgan shaxslarning ularga mos keluvchi lavozimlarda ishlashi uchun qulay sharoitlarni yaratgan holda mehnat faoliyatini olib borishini taʼminlash belgilangan.

Hujjatning ijrosini taʼminlash hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligiga koʻmaklashishni yanada takomillashtirish maqsadida shu yilning 31-avgustida Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Qaror bilan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun:

tavsiya etilgan ishchi kasblar va xizmat lavozimlarining namunaviy roʻyxati;

ish oʻrinlari va kasblarni moslashtirish boʻyicha tavsiyalar;

kasblar va lavozimlar roʻyxati hamda mehnat sharoitlari boʻyicha tavsiyalar tasdiqlangan

Natijada tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik belgilangan shaxslarga salomatlik holatiga qarab 70 ta yoʻnalish boʻyicha 649 turdagi kasblar boʻyicha tavsiyalar berish imkoni paydo boʻldi.

Qolaversa, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va kasbga oʻqitish ishlari yanada kuchaytiriladi.

Bunday shaxslarning bandligini taʼminlash orqali ularni jamiyatga moslashishi taʼminlanib, oilasiga qoʻshimcha daromad kelishiga sharoit yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?