NNT va davlat organlari oʻrtasidagi ijtimoiy munosabat qanday?

17:17 23 Noyabr 2022 Jamiyat
280 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida “Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi yangi tartiblar va oʻzgarishlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqan mutaxassislar sohaga oid soʻnggi yangiliklar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berishdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarini samarali himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish yoʻlida izchil islohotlar amalga oshirilyapti.

Koʻrilayotgan choralar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari soni yildan yilga ortib, davlat tomonidan ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengaymoqda.

Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini soddalashtirish, ularning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddatlari ikki oydan bir oyga qisqartirildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan respublika NNTlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari BHMning 4 baravaridan 3 baravariga, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun – 2 baravaridan 1 baravariga pasaytirildi.

Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy erkinligi kengaytirildi, endilikda ular bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha boʻlgan pul mablagʻlarini olishda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qilishi kifoya.

Bu hali hammasi emas. Xorijiy donorlardan pul mablagʻlarini olish tartibi soddalashtirildi, NNTlar grant mablagʻlarini istalgan banklardagi hisob raqamlariga qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Prezidentimizning Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyani amalga oshirish natijasida oʻtgan yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash hajmi davlat tomonidan 2020-yilga nisbatan 2 baravarga oshirilib, 75,8 mlrd. soʻmga yetkazildi. Natijada 2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga asosan 2025-yilda erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkich oʻtgan yilning oʻzida 20 foizga oshirib bajarildi.

Shu bilan birga, 150 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmalarining 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan rejalari tasdiqlanib, ular doirasida ellikdan ortiq ijtimoiy buyurtmalar bajariladi.

Qolaversa, nodavlat notijorat tashkilotlariga oʻtgan yilda 11 mingdan ziyod davlat xizmatlari elektron shaklda koʻrsatildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik standarti (indeksi) ishlab chiqilib, Standart asosida yilning eng shaffof NNTlar Top-20 taligi eʼlon qilindi. Shaffof xayriya va homiylik tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Shaffof xayriya” (shaffofxayriya.uz) portali ishga tushirildi.

Tadbirda qayd etilganidek, volontyorlik faoliyati hisobini olib borish va yoʻnaltirish imkonini taʼminlovchi unions.uz yagona interaktiv portali ishga tushirildi. Hududlarda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilib, 500 taga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlarining bino bilan bogʻliq muammolari hal etildi.

Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan koʻplab savollarga Adliya vazirligi masʼul xodimlari tomonidan atroflicha javob berildi.

Gavhar FARMONOVA,

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?