Nima uchun homiladorlar TORCH-infeksiyasiga tahlil topshirishi shart? — mutaxassis javob berdi

15:25 09 Iyul 2021 Jamiyat
1715 0

Homiladorlikni rejalashtirish har bir ayol uchun masʼuliyatli jarayon boʻlib, oʻz ichiga homiladorlik bosqichiga va orziqib kutilgan farzandning sogʻlom, benuqson tugʻilishi uchun oldindan tayyorgarlik koʻrish choralarini oladi. Bu jarayonda ayol davolovchi shifokori (ginekolog) bilan bamaslahat ish koʻrishi va oʻz sogʻligʻiga eʼtiborli boʻlishi lozim. Chunki boʻlajak farzandning salomatligi onaning salomatligiga bogʻliq.

Bunday jarayonda ayol ayrim taqiqlarga rioya qilishi, jumladan, sauna, basseyn, alkogol, tamaki tutuni kabilardan oʻzini saqlashi juda muhim. Xoʻsh, agar xavf koʻrinmas shaklda boʻlsa-chi? Bunday koʻrinmas xavflardan biri TORCH-infeksiyalaridir. Ular nimasi bilan xatarli? Bu haqda batafsil maʼlumot olish uchun SSV Matbuot xizmati Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokor oʻrinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Mahmarajab Rahmonovga murojaat qildi.

— Oʻtgan asrning 70-yillarida olimlar tomonidan alohida infeksiyalar guruhi ajratildi, — deydi M.Rahmonov — ularning oʻziga xos xususiyati shundaki, kattalar va bolalar uchun nisbatan zararsiz boʻlib, homilador ayollar uchun oʻta xavfli hisoblanadi. Ushbu guruhga kiritilgan infeksiyalar lotincha nomlarining birinchi harflariga koʻra TORCH-infeksiyalari deb ataladi.

Ushbu qisqartma quyidagicha:

— TO - toksoplazmoz (Toxoplasmosis);

— R - qizilcha (Rubella);

— C - sitomegalovirus infeksiyasi (Cytomegalovirus);

— H - gerpes infeksiyasi (Herpes simplex virus).

Aslida, insonda bu infeksiyalar bolalikdan mavjud boʻlishi mumkin va umri davomida u jiddiy zarar keltirmaydi. Ammo ayol homiladorlik vaqtida immunitet pasayishi hisobiga bu kasallik oʻzini namoyon qiladi.

— TORCH guruhi infeksiyalari homilaga qanday xavf tugʻdiradi?

— TORCH-infeksiyalarini ayollar homiladorlik paytida yuqtirganda, ular homilaning barcha tizimlari va organlariga, ayniqsa, uning markaziy asab tizimiga zararli taʼsir koʻrsatishi, homila tushishi, oʻlik tugʻilishi va bolaning tugʻma nuqsonlari xavfini oshirishi mumkin. Koʻpincha homilador ayolning TORCH-kompleksi infeksiyalari bilan kasallanishi homiladorlikni toʻxtatish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatma hisoblanadi.

Homiladorlik vaqtida bu guruhga kiruvchi viruslardan birontasining ilk marta yuqishi xavfli hisoblanadi. Yaʼni tanada immunitet hosil boʻlmagan virus yoki infeksiyaga toʻqnashib qolish oqibati noxushlikka olib kelishi mumkin. Homilador ayolda koʻpincha bu holatning asoratlari turli muddatlarda homila tushishiga zamin yaratadi. Tugʻruq paytida va tugʻruqdan keyingi davrda gerpesning qaytalanishi ham xavfli boʻlishi mumkin.

— Ayol qachon bu infeksiyalarga tahlil topshirishi kerak?

— Hozirgi vaqtda ayrim ayollar homilador boʻlgach, bir necha oy oʻtgandan soʻng, unda ham shifokorning qistovi bilan TORCH-infeksiyani tekshirtirish uchun tahlil topshiradi. Baʼzi boʻlajak onalarga uning qanchalar ahamiyatli ekanini tushuntirish oʻta qiyin kechadi.

TORCH-infeksiyani aniqlatish homilador ayol uchun katta ahamiyatga ega. Aslida, homiladorlik boshlanmasdan 2-3 oy avval, uni rejalashtirish jarayonida tahlil topshirish va musbat natija chiqsa, virusga qarshi dori-darmonlarni qabul qilish zarur. Shunda ayol organizmi virusni vaqtida yengadi va antitanachalar hosil boʻladi. Shuningdek, bu homiladorlikkacha davo va profilaktika choralarini koʻrishga, ayolning salomatligini kelgusida homiladorlikdagi natijalar bilan solishtirishga imkon beradi. Homiladorlik davrida ham ginekolog tavsiyasiga koʻra TORCH-infeksiyani tekshirtirib turish lozim.

— Bu guruh infeksiyalariga tahlil qay tartibda topshiriladi?

— TORCH guruhidagi infeksiyalarning salbiy oʻziga xosligi shundaki, ularning organizmda mavjudligi boʻyicha alomatlar umuman kuzatilmasligi yoki kam namoyon boʻlishi mumkin. Jumladan, toshma, isitma kabi klinik belgilardan tashxis qoʻyish qiyinchilik tugʻdiradi. Shu bois eng aniq tashxislash usuli qonda immunoglobulinlarni aniqlashdir.

Buning uchun qon tahlili och qoringa topshiriladi, shuningdek, tekshiruvgacha 3 hafta davomida antibakterial va virusga qarshi preparatlar qabul qilinmagan boʻlishi lozim.

Tekshirish natijalarini olgandan keyin, albatta, davolovchi shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?