Nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborildi

17:45 20 Noyabr 2020 Siyosat
241 0

 

Oliy Majlis yuqori palatasining toʻqqizinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish haqidagi masala koʻrib chiqildi.

Joriy 6-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohaga oid dolzarb muammolar koʻtarilib, xalqimiz salomatligini mustahkamlash maqsadida mutasaddilarga muhim topshiriqlar berilganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni koʻzlab, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda davom ettirilishi barobarida, birinchi navbatda, sogʻlom ona – sogʻlom bola tamoyilini amalda taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrish, farzandlarimizni turli xil kasalliklardan asrab-avaylash, ularning salomatligini har narsadan afzal bilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Tadqiqotchilarning fikricha, insonning 3 yoshidan 22 yoshigacha boʻlgan davrida davlat tarafidan taʼlim va salomatlikka yoʻnaltirilgan investitsiya 19-22 barobar koʻp boʻlib qaytar ekan.

Yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishida, avvalo, boʻlgʻusi ota va onalar sanalgan nikohlanuvchi yigit-qizlarning reproduktiv salomatligi muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatimizda har yili oʻrtacha hisobda 300 mingdan ziyod nikoh qayd etilayotgan boʻlsa, 600 mingdan ortiq kishi nikoh oldi tekshiruvidan oʻtadi.

Nikohdan ajralishlar soni yoshlar orasida barqaror oʻsib borib, 2015-2019-yillarda jami 29,3 mingtadan 31,4 mingtagacha oshdi. Oilaviy ajralishlarning sabablari oʻzaro shaxsiy munosabatlardagi kelishmovchiliklar, bepushtlik, nogiron bolalar tugʻilishi, er yoki xotinning surunkali kasalligi bilan ham bogʻliq.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi ayrim kamchiliklar, yoshlarning tibbiy madaniyati darajasi yetarli emasligi sababli 2019-yilda 3357 nafar, 2020-yilning 6 oyi davomida 4075 nafar bir yoshgacha goʻdaklar oʻlimi qayd etilgan. Bu holatga irsiy kasalliklar hamda yaqin qarindoshlar oʻrtasida tuzilgan nikoh ham sabab hisoblanadi.

Aynan shunday vaziyatlarga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtish hajmi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Shu maqsadda 2003-yil 23-avgustda Hukumatning “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 365-sonli qarori qabul qilingan.

Biroq nikohdan oldingi tibbiy koʻrikdan oʻtishdagi tizimli muammolar mavjudligi, yoshlarning munosabati jiddiy emasligi, tibbiy koʻriklar formal oʻtkazilishi, shifoxonalarda tegishli mutaxassislar hamda moddiy-texnika bazasi yetarli emasligi kelgusida oilalarning mustahkamligiga hamda tugʻilayotgan farzandlar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2019-yil respublikaning 8 ta hududida 842 nafar respondent ishtirokida nikohgacha boʻlgan tibbiy koʻrik yuzasidan oʻtkazilgan soʻrov natijalari ham sohadagi muammolarni yaqqol koʻrsatdi.

Soʻrov natijalariga koʻra respondentlarning 88,1 foizi oʻz xohishi bilan tibbiy koʻrikdan oʻtishini, qolgan qismi kasalliklarni toʻliq aniqlay olmasligi sababli tibbiy koʻrikdan oʻtish istagi yoʻqligini bildirgan. Ishtirokchilarning 80 foizi tibbiy koʻrikdan qator muammolar bilan oʻtganligini, xususan, 42,5 foizi tibbiy koʻrik juda koʻp vaqt olishini maʼlum qilgan.

Jumladan, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati yetarli emasligi va ularning malakasi talab darajasida emasligi, tibbiy koʻrikka oid ayrim kasallikni yashash joyi boʻyicha oʻtish imkoniyati yoʻqligi, shuningdek, ayrim hollarda korrupsion holatlar mavjudligi kabi muammolar aytib oʻtilgan.

Senatorlar tomonidan nikohlanuvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda xolislik va sifati ustidan nazorat qilish tizimini takomillashtirish, tibbiy koʻrikni oʻtkazishda hududiylikka amal qilish, nikohlanuvchilarga tibbiy-genetik va reproduktiv salomatlikka oid masalalarda bepul maslahatlar berish, shifokorlar va FHDYO organlari xodimlarining masʼuliyatini oshirish, koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini monitoring qiluvchi yagona tashkilotni belgilash takliflari ilgari surilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?