Nazorat-tahlil tadbirida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi(mi?)

12:31 26 Noyabr 2020 Siyosat
179 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi Andijon viloyati misolida bajarilishi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur hujjat tibbiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, uning huquqiy asoslarini yaratish, ilgʻor tibbiy texnologiyalarni tatbiq etgan holda aholi salomatligi yoʻlida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sohaga xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirishga keng yoʻl ochadi.

Ushbu hujjat Andijon viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilganda, hududning davlat-xususiy sheriklik loyihalari konsepsiyasiga xulosa berish komissiyasi tuzilgan. Tizimdagi davolash profilaktika muassasalari xatlovdan oʻtkazilgan. 2020-yil xatlov natijalariga koʻra, boʻsh turgan bino va inshoot hamda yer uchastkalarining 41 tasi joriy yil 20-avgust kuni rasmiy veb-saytga joylashtirilgan. Shundan 6 nafar talabgor tadbirkorning loyihalarini baholash hujjatlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Oradan ancha muddat oʻtayotgan boʻlishiga qaramay loyihalarni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligiga yuborish faqat “reja”ligicha qolmoqda. Shu bois, investitsiya kiritish va litsenziya olish muammo boʻlib turibdi.

Shuningdek, Andijon viloyatida Prezident qarori qabul qilinganidan buyon bir yarim yil vaqt oʻtayotganiga qaramasdan, birorta tibbiy davlat-xususiy sheriklik obyekti faoliyat koʻrsatmayapti. Vaholanki, yana 7 ta obyektda shu tamoyil asosida shifoxona ochishni rejalashtirgan talabgor tadbirkor tomonidan loyiha baholash hujjatlari tayyorlanmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirish shakllari toʻgʻrisida viloyatda qarorning 2-band «a» qismi boʻyicha tibbiyot muassasalarining qoʻshimcha xizmatlaridan autsorsing asosida 23 ta muassasaning ovqat tayyorlash, 4 ta muassasaning kir yuvish xizmatlari tadbirkorlarga belgilangan tartibda berilgan.

Biroq autsorsing xizmatida bir qancha muammolar aniqlandi. Byudjetdan ovqat tayyorlash uchun bemorga ajratilgan bir kunlik mablagʻlarning kamligi tufayli oʻrtacha bir bemorga bir kunga 7-8 ming soʻm atrofida, tayyorlanayotgan ovqat sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Lekin belgilangan xizmat tannarxiga ish haqi, ish haqiga ajratmalar, moddiy xarajatlar, bilvosita va autsorser xarajatlarini qoplash uchun 20 foizlik ustama xarajatlarini toʻlash moliya organlari tomonidan amalga oshirilmagan. Masalan, Qorasuv tuman tibbiyot birlashmasidagi 80 oʻrinli oshxonadagi holatni qoniqarli deb boʻlmaydi. Unda qoʻrgʻontepalik tadbirkor autsorsing xizmatini koʻrsatadi. Vaziyat oʻrganilganda, kechki taomni tayyorlashga oʻz vaqtida kirishilmagani kuzatildi. Gaz yoʻq, oshxonaning sanitar holati talab darajasida emas.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishida deputatlar qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha bir qator taklif va tavsiflar berdilar. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tadbir yakunida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?