Navroʻz shukuhi: viloyat hokimi tashabbusi bilan 2 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar oʻtqaziladi

18:00 21 Mart 2021 Jamiyat
1129 0

Bayram shukuhi Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlarini qamrab oldi. Hudud aholisi davlatimiz rahbarining ushbu ayyom munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan tabrigini katta mamnuniyat tinglab tomosha qilishdi. Oqqoʻrgʻon tumanidagi «Mustaqillik» MFYda ijtimoiy himoyaga muhtoj 11 ta oila farzandlarining xatna toʻyi va bir xonadondagi yoshning nikoh tantanasi bilan boshlangan “Navroʻz” umumxalq bayrami shodiyonalari viloyatning barcha tuman va shaharlariga koʻchdi. Bogʻlar va xiyobonlarda xalq sayillari, yoshlar oʻrtasida sport-sogʻlomlashtirish musobaqalari boʻlib oʻtdi.

21-mart kuni viloyat hokimi Davron Hidoyatov ishtirokida Yuqori Chirchiq tumanidagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida qoʻl jangi boʻyicha oʻtkazilgan sport bellashuvi bilan boshlangan Navroʻz tantanalari barcha hududlarda oʻtkazildi. Ohangaron, Zangiota, Boʻstonliq, Parkent, Piskent, Boʻka, Chinoz singari bir qator tumanlardagi “Shodmalik” va “Zangiota” kabi oʻnlab ziyoratgohlarda amalga oshirilgan ezgulik tavofi tadbirlari qarindosh-urugʻlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi xushchaqchaq suhbatlarda yakun topdi.

“Oltin halqa” konsepsiyasi asosida viloyatda turizmni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan “Chorvoq” erkin turistik zonasi, Ugom-Chotqol milliy bogʻi, “Chorvoq” suv ombori, bagʻridagi qir-adirliklar, betakror tabiati bilan mashhur boʻlgan Amirsoy, Beldirsoy, Chimyon, Zarkent, Soʻqoq, Nanay, Yangiobod, Lashkarak kabi chekka qishloqlarda nishonlangan Navroʻz shodiyonalari kishilar qalbiga ajib bir taskinlik, ertangi kunga umid va ishonch, qatʼiyat, samimiylik fazilatlarini bagʻishladi.

Navroʻz bayrami arafasida viloyat hokimi Davron Hidoyatovning tashabbusi va shaxsan ishtirokida boshlangan “Yashil kelajak” aksiyasi tadbirlari bayram kunlari ham davom etdi. Yoshlar, tadbirkorlar, klasterlar, fermerlar faol ishtirok etgan ushbu aksiyada tuman va shaharlar hududini yashil libosga burkash uchun minglab tup manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, bu xayrli tadbir davomida 2 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar oʻtqaziladi.

Minglab yillar davomida kishilar qalbiga ezgulik olib kirgan uygʻonish ayyomi har galgidek bu yil ham viloyatning kattayu kichigiga xushchaqchaq kayfiyat baxsh etdi. Joylardagi bayram tadbirlari tuman va shahar hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar tomonidan pandemiya sharoitidagi zaruriy ehtiyot choralari qoʻllangan holdi oʻtkazildi. Xalqimmizning azaliy qadriyatlariga tayanib, viloyatdagi barcha millat va elatlar oʻzaro ahillikda Navroʻzni nishonlashdi.

Shodiyor MUTAHAROV
(“ Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?