Navroʻz bayramiga tayyorgarlik boʻyicha vazifalar belgilab olindi

13:17 06 Mart 2025 Jamiyat
140 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hududlardagi studiyalardan tuman hokimlari, tegishli masʼullar ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish masalasi muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, sharqona yangi yil – Navroʻzi olam asrlar davomida mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida xalqimiz hayotida beqiyos oʻrin tutib kelmoqda. Prezidentimizning “2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida joriy yil ushbu bayram mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida keng nishonlanishi belgilab qoʻyildi.

Vazirlar Kengashida oʻtkazilgan yigʻilishda yaqinlashib kelayotgan Navroʻz umumxalq bayramiga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Respublika ishchi guruhi shakllantirilgani, ular shahar va tuman markazlari, qishloq aholi punktlarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shuningdek, yangi tizim asosida aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganishi va koʻmaklashishi taʼkidlab oʻtildi.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida aholining tomorqa maydonlarini suv bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hududlardagi masʼullarning axborotlari eshitildi hamda bu boradagi ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Bahorgi obodonlashtirish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi, kanallar, ichki ariqlarni betonlash hamda jamoat joylarini tozalash boʻyicha hasharlar tashkil etish kabi masalalar ham muhokama qilinib, amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?