Navroʻz — bagʻrikenglik, ahillik, birdamlik va ezgulik ayyomi

21:47 18 Mart 2023 Jamiyat
573 0

 

Navroʻz — ezgu anʼanalar, qadriyatlar bayrami. Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrku ziynati boʻlib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bagʻishlamoqda.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha shahar va tumanlarida, olis qishloq hamda ovullarida el-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida eʼzozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb eʼtirof etilgan Navroʻzi olam katta xursandchilik bilan nishonlanmoqda.

Taʼkidlash joiz, Navroʻzi olam oʻlkamizga kirib kelishi bilan har birimiz yon-atrofimizdagi mavjudotning uygʻonishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, yeru koʻk bagʻrida yuz berayotgan oʻzgarishlardan, bahor nafasidan bahramand boʻlamiz, ona-tabiatning uzviy va ajralmas bir qismi ekanimizni beixtiyor chuqur his qilamiz.

Ushbu bayramdagi xalq oʻyinlari, folklor sanʼatimizning eng yaxshi namunalari, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuygʻular tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar, oʻlan va laparlar xalqimiz koʻngliga samimiyat, xushnudlik ulashadi.

Bu yilgi Navroʻz bayrami yurtimizda “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanmoqda. Navroʻz har bir mahalla va qishloqda sayil sifatida bayram qilinishi uning qadim ildizlarini yanada mustahkamlashga, yoshlarni milliy anʼanalarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishga xizmat qiladi.

Eʼtiborlisi, bu yilgi Navroʻz bayramida ham yoshi ulugʻlarning ijtimoiy va maishiy turmushini yanada yaxshilash borasida qator amaliy tadbirlar bajarilmoqda. Jumladan, yolgʻiz qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslar holidan xabar olinib, ular moddiy hamda maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanib, keksa otaxonu onaxonlar yashayotgan, xasta kishilar istiqomat qilayotgan xonadonlardan xabar olinib, sovgʻa-salomlar ulashilmoqda.

Ayni chogʻda, mahallalarda, qishloqlarda obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Ommaviy tarzda mevali va manzarali daraxtlar ekilib, ariq va zovurlar tozalanyapti. Navroʻzning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz mahallalarda hasharlar qilib, koʻchat va gullar ekib, yangi-yangi bogʻ-rogʻlar, sayilgohlar yaratmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Navroʻzi olamning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan yaxshilik va bagʻrikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash kabi olijanob gʻoyalar Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy oʻzgarishlarning maqsad va mazmuniga toʻla hamohangdir.

Tilagimiz, ushbu bahor ayyomi har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, yaxshilik va fayzu baraka olib kelsin!

Ravshan BEGMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер