“Navoiyuran” davlat korxonasida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va 2026-yil ustuvor vazifalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022–2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib olish va qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda korxonani transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2030-yilga qadar respublikada uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga, ammoniy perrenat ishlab chiqarishni esa 1,7 barobarga oshirish vazifalari belgilab berilgan.
Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq korxonaning iqtisodiy salohiyatini toʻliq namoyon etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlarni rasman eʼlon qilishga oid cheklovlar bekor qilindi.
Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasi bir qator rivojlangan mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib, ishlab chiqarish samaradorligini yildan yilga oshirib kelmoqda.
Korxonaning 2025-yilda uran ishlab chiqarish koʻrsatkichlarining bajarilishi, erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda mazkur masalalar atroflicha tahlil qilindi. Yigʻilishda bosh direktor Jamal Fayzullayev aniq raqamlar tahlili asosida erishilgan natijalarga toʻxtalib, samarali foydalanilmagan imkoniyatlar yuzasidan ham fikr bildirdi.
— Biz uran mahsuloti ishlab chiqarish va uni toʻliq eksport qilishga ixtisoslashgan mamlakatimizdagi yagona korxonamiz, — dedi J. Fayzullayev. — Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulot respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida va mamlakatimizning jahon bozorida munosib oʻrin egallashida muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu masʼuliyatni chuqur his etgan holda har bir imkoniyatdan unumli foydalansak, eng yuksak marralarni zabt etishga qodirmiz.
Oʻtgan yil davomida korxonada uran ishlab chiqarish, uran geologiyasini rivojlantirish, yangi konlarni aniqlash va zaxiralarni koʻpaytirish yoʻnalishlarida amalga oshirilgan ishlar natijasida 14,3 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, oʻsish surʼati 134,5 foizni tashkil etdi. Texnologik burgʻilash ishlari hajmi 227,3 foizga oshirildi. Mahsuldor eritmalarni qayta ishlash hajmi 135,3 foizga, eksport koʻrsatkichlari esa 110,3 foizga bajarildi.
Yigʻilishda investitsiya dasturi doirasidagi loyihalarning 118,5 foizga bajarilib, 160 million AQSH dollari miqdorida kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirilgani, natijada 306 ta yangi ish oʻrni yaratilgani ham qayd etildi.
— Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi 16 ta loyiha asosida 121,9 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Importni qisqartirish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar oʻsish surʼati 207,7 foizni tashkil etdi, — deydi korxona bosh muhandisi Anvarjon Saparov. — Tannarxni kamaytirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 645,5 milliard soʻm mablagʻni iqtisod qilish kutilmoqda. Davlat byudjetiga 5,6 trillion soʻm toʻlovlar amalga oshirilib, oʻsish surʼati 122,7 foizga yetdi.
Yigʻilishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar va 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar boʻyicha aniq takliflar ham muhokama qilindi. Xususan, moddiy-texnik taʼminot xarajatlarini maqbullashtirish, tejamkor ishlab chiqarish va meʼyorlash tamoyillarini joriy etish, resurslardan foydalanishda suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik uchun ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, ayrim yordamchi funksiya va xizmatlarni autsorsing asosida tashkil etish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tashkiliy tuzilma va kadrlar sonini maqbullashtirish, xodimlar tashabbuslarini ragʻbatlantirish, energiya auditi oʻtkazish orqali energiya resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish lozimligi belgilandi.
Kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, yangi burgʻilash brigadalarini shakllantirish, mavjud brigadalar malakasini oshirish, burgʻilash uskunalarini boshqaruvchi mashinist va mashinist yordamchisi kasblari boʻyicha xodimlarni tanlash va tayyorlash yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida korxona boʻlinmalari oldiga ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, texnologik quduqlar sifatini yaxshilash, geotexnologik konlarning tarkibini qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, burgʻilash hamda geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha manzilli vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtib, har bir rahbar va mutaxassis oldiga aniq va masʼuliyatli vazifalar qoʻyildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring