Navoiylik konchilar konstitutsiyaviy islohotlarga oʻz munosabatini bildirdi

13:14 30 Iyun 2022 Jamiyat
307 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy uran” DK va “NKMK jamgʻarmasi” DM faollari ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati aʼzosi Quvondiq Sanaqulov, Qonunchilik palatasi deputatlari Oʻktam Islamov va Kozim Tojiyev soʻzga chiqib, mazkur Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishini taqozo etgan omillar xususida atroflicha toʻxtaldi. Taʼkidlandiki, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi ustuvor maqsadlar mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar zaruratini yuzaga keltirdi.

— Oʻtgan davrda jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub oʻzgarishlar boʻldi, — dedi Q. Sanaqulov oʻz maʼruzasida. — Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon boʻlishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini konstitutsiyaviy darajaga koʻtarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini koʻrsatmoqda.

— Taʼkidlash joiz, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimiz tomonidan bildirilgan, shuningdek, davlatimiz rahbarining Komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak”, degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib tayyorlandi, — dedi deputat Oʻ. Islamov. — Ular «inson-jamiyat-davlat» prinsipiga asoslanib, milliy konstitutsiyaviy oʻzlikni aks ettiradi hamda amaldagi Konstitutsiyamizning deyarli barcha boʻlimlariga tub oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Yigʻilishda umumxalq muhokamasi natijalari umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtirilishi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilishi yuzasidan atroflicha tushuncha berildi.

Muhokamalar jarayonida navoiylik konchilik konstitutsiyaviy islohotlarga munosabat bildirib, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflari bilan oʻrtoqlashdi.

 

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?