Navoiylik 63 nafar pedagog vazir jamgʻarmasidan ustama oladigan boʻldi

11:39 23 May 2024 Ilm-fan
385 0

Arxiv surat

Temur ESHBOYEV/ «Xalq soʻzi». Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra oltmish uch nafar navoiylik pedagogga vazir jamgʻarmasidan ustama toʻlanadigan boʻldi.

– Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi «Xalq taʼlimi vaziri jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq ustama sohiblari oʻquvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlar orasidan har yili tanlab olinadi, – deydi Navoiy viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot kotibi Xurshida Narziyeva. – Tanlab olingan pedagoglarga vazir jamgʻarmasidan 9 oy davomida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama toʻlanadi.

Vazir ustamasiga sazovor boʻlgan pedagoglarni hududlar va maktablar kesimida tahlil etadigan boʻlsak, Navoiy va Zarafshon shahri hamda Qiziltepa tumanlari 10 nafardan ortiq pedagoglar bilan yuqori pogʻonalarni band etdi. Navoiy shahri hamda Xatirchi tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktablar esa oʻz koʻrsatkichlari bilan hatto Navoiy shahridagi Prezident maktabini ham ortda qoldirdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu ustama pedagoglar mehnatini munosib ragʻbatlantirish bilan birga ular orasida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga ham xizmat qilishi tayin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер