Navoiyga ehtirom

11:33 09 Fevral 2021 Jamiyat
539 0

Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda. Mana bir necha kundirki, taʼlim dargohlaridan tortib, barcha tashkilot va muassasalarda ham Navoiyxonlik kechalari tashkil etib kelinyapti.

Bugun ham Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bogʻi erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchilar, shoirlar, professor-oʻqituvchilar, talaba va oʻquvchilar bilan gavjum boʻldi.

Buyuk mutafakkir tavalludining 580-yilligi munosabati bilan bogʻ markazida oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykali poyida tadbir oʻtkazildi. Unda buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kundagi qadr-qimmati xususida fikr yuritildi.

Hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho maʼnaviy merosiga aylangani qayd etildi. Turli tillarda gʻazal va ruboiylaridan namunalar oʻqildi.

Viloyat musiqali drama teatri sanʼatkorlari tomonidan Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy siymosiga ehtirom sifatida uning mahobatli haykali poyiga gulchambarlar qoʻydi.

Sanaga bagʻishlangan tadbirlar Samarqand shahridagi yoshlar markazida konsert dasturi va mushoira kechasi bilan davom etdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?