Navoiydagi shifoxonalarda ahvol qanday? — monitoring natijalari

14:09 21 Noyabr 2020 Jamiyat
609 0

Joriy yilning 2-25-noyabr kunlari Oʻzbekiston isteʼmolchi huquqlari jamiyatlari federatsiyasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha kuzatuv monitoring ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bunda ishchi guruh tomonidan isteʼmolchilarga yonilgʻi-energetika resurslari va koʻmir mahsulotlarining oʻz vaqtida yetkazib berilishi, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, xususan, sogʻliqni saqlash tashkilotlari, taʼlim muassasalari, madaniyat va sport obyektlarini kuz-qish mavsumiga qay darajada tayyor ekani va uni amalga oshirilishi kerak boʻlgan tadbirlarni nazorat qilish koʻzda tutilgan. Bu borada turli viloyat va chekka hududlarda ham bu kabi ishlar sezilarli darajada olib borilmoqda. 

Xususan, Navoiy viloyati hududiy birlashmasi raisi rahbarligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan viloyatda joylashgan sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganish ishlari olib borilganida, isitish tizimidagi nosozliklar aniqlandi. Shuningdek, shifoxonalardagi yozuv partasi siniq, stol-stullar, xona jihozlari esa abgor ahvolda. Eshik va deraza romlari singan, qishda deraza tirqishidan sovuq kirmasligi uchun sellofandan foydalaniladi. Bundan tashqari, yongʻin xavfsizlik choralari koʻrilmagan, oʻt oʻchirish moslamalari bilan toʻliq jihozlanmagan.

Boz ustiga, kanalizatsiyadagi nosozlik, oʻz vaqtida olib ketilmayotgan chiqindi uyumlaridan chiqayotgan qoʻlansa hid atrofni oʻrab olgan. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi, nega sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbarlari bunga beeʼtiborlik qilishmoqda? Buni kim nazorat qiladi? Bu esa bizga qorongʻu...
Omborxona koʻzdan kechirilganda bu yerda koʻmir saqlash uchun yetarli sharoit yaratilmagani, berilgan koʻmir esa talabga javob bermasligi maʼlum boʻldi. 

Xulosa shundayki, sohada muammoli masalalar haligacha yechimini kutmoqda. Uni bartaraf qilishga harakat qilishyapti, albatta. Balki, bu yerda zanjirning bizga koʻrinmas halqalari bordir? Muammo borligini koʻrsatish bilan ish bitmaydi. Uni bartaraf etish uchun esa aniq takliflar zarur.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan umumlashtirilgan maʼlumotnoma tayyorlanib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish koʻzda tutilgan.

Tashkilot matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, amalga oshirilgan ishlar monitoringi joriy yilning 25-noyabriga qadar Federatsiya markaziy apparatiga taqdim etilishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?