Navoiydagi “Muruntov” oltin konining bir qismi sayyohlik markaziga aylantiriladi

12:25 17 Oktyabr 2021 Jamiyat
698 0

Navoiy viloyatida joylashgan “Muruntov” konining bir qismi sayyohlik markaziga aylantiriladi. Bu haqda “Bugun.uz” xabar berdi.

“Muruntov” koni dunyodagi eng katta oltin koni hisoblanadi. Navoiy viloyatida 14–15-oktabr kunlari oʻtgan info-tur davomida Saʼdulla Mirzayev Navoiydagi “Muruntov” oltin konining maʼlum qismi sayyohlik markaziga aylantirilishi haqida gapirdi.

“Viloyatimiz sanoatlashgan hudud boʻlib, Navoiy kon-metallurgiya korxonalarining oltin konlari mavjud. Shu paytgacha ushbu konlarga birorta insonga, hatto rahbarlarga ham kirishga ruxsat berilmagan. Bugungi kunda mana shu kon-metallurgiya kombinati bilan oʻsha joyga bemalol kirib, ekskursiya uyushtirish uchun muzokaralar olib boryapmiz. Bu esa koʻplab sayyohlarning Navoiyga kelishiga xizmat qiladi. Xususan, ʻMuruntovʻ koni yirik konlardan biri boʻlib, unga aholimiz va turistlarning juda katta qiziqishlari mavjud. Biz oʻsha yerda suratga olish, selfiga tushish, tomosha qilish hududlarini tashkil qilmoqchimiz”, — deydi u.

Hozirda mazkur yangilikni amalga oshirish borasida muzokaralar oʻtkazilmoqda. Loyiha 2022-yilning ikkinchi yarimyilligidan boshlab yoʻlga qoʻyilishi mumkin.

“Oltin koniga sayohatni 2022-yilning ikkinchi yarimyilligidan boshlab yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz. Hozir kombinat bilan oʻzaro muzokaralar olib borilmoqda. Ular ichki tartibidan kelib chiqib ruxsat beradigan boʻlsa, oʻsha joyda yuqoridan turib qazib olinadigan maydonni videotasvir hamda uzoqni koʻrish imkonini beruvchi vositalar orqali tomosha qilish imkoniyati paydo boʻladi”, — deydi Turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?