Navoiyda zoʻravon kirakashga nisbatan sud hukmi oʻqildi

12:43 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
497 0

Foto: Xalq so‘zi

Fuqaro D. Tursunov oʻz boshqaruvida boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashinasida kirakashlik bilan shugʻullanib, xizmat koʻrsatish paytida YPX inspektori tomonidan toʻxtatiladi.

“Yoʻl harakati qoidalari”ning 7-bandida, transport vositasining haydovchisi yoʻl varaqasi va boshqa tegishli hujjatlarni yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganida tekshirish uchun taqdim etishi shartligi belgilangan. Biroq, D. Tursunov oʻsha kuni ushbu qoidalarga amal qilmay Navbahor tumani hududidan oʻtuvchi A-379 mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan avtomobil yoʻlida harakatlanayotganligi aniqlanadi.

D.Tursunovda avtomashinaga tegishli hujjatlar, yaʼni avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma va yoʻl varaqasi mavjud boʻlmaganligi sababli viloyat IIB YHXB YPX xodimi tomonidan qoidabuzarlik rasmiylashtirilib, avtomashinani vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qoʻyish choralari koʻriladi.

Shunda kirakash atayin janjal koʻtarib, YPX inspektorining yuz, bosh va boshqa tana aʼzolariga qoʻl va oyoq zarbalari bilan bir necha bor zarba berib, tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra yengil tan jarohati yetkazadi. YPX inspektori maqomidagi hokimiyat vakilining xizmat vazifasini bajarishiga toʻsqinlik qilib, “Matiz” rusumli avtomashinani boshqargan holda, voqea joyidan yashirinadi.

— Tergov organi tomonidan D. Tursunovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi, — deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tuman sudining raisi Avazjon Ibodov. — Sud D. Tursunovni Oʻzbekiston Respublikasi JK 219-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, uning moddiy ahvoli va imkoniyatini, kechirim soʻrab, aybiga iqror va pushaymonligini yengillashtiruvchi holatlar sifatida eʼtirof etdi. Shularga koʻra D. Tursunovga insonparvarlik va odillik prinsiplari talablaridan kelib chiqib, JKning 57-moddasi qoʻllanib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, D. Tursunov inspektorga qarshilik koʻrsatib, zoʻravonlik qilmaganida jarima bilan qutilib, katta ehtimol bilan bugun kirakashligini davom ettirayotgan boʻlardi. Endi esa qilmishidan pushaymon holda ikki yilni panjara ortida oʻtkazadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?