Navoiyda yana bir murakkab jarrohlik operatsiyasi oʻzlashtirildi

14:17 28 Sentyabr 2023 Jamiyat
356 0

Foto: Xalq so'zi

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar samarasini bugun minglab yurtdoshlarimiz oʻz hayotida his etishmoqda. Bunga birgina Navoiy viloyati misolida dalil keltiradigan boʻlsak, buyrak transplantatsiyasi, yurakda murakkab jarrohlik operatsiyalari, oftalmologiyadagi yuqori texnologiyaga asoslangan amaliyotlarni eʼtirof etish joiz. Atigi besh-olti yil oldin ushbu sohalarda salomatligi ogʻirlashgan bemorlar Respublika klinikalarida yillar navbat kutishi, xorijda davolanishga zarur mablagʻ topish uchun turli idoralarning eshigida sargʻayishardi. Bu kabi tashvishli holatlarga barham berilmoqda.

— Shu oʻtgan qisqa davrda 85 turdagi murakkab davo muolajalarining oʻzlashtirilishi natijasida birgina 2022-yilda 1300 nafar bemor viloyat tibbiyot muassasalarida shifo topdi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Nurali Safoyev. – Viloyatning bir qator tibbiyot muassasalarida 16 turdagi yangi jarrohlik operatsiyalarining oʻzlashtirilishi natijasida 3000 nafardan ortiq bemorlar tuman doirasida salomatligini tikladilar. Bunda Respublikamiz ixtisoslashgan klinikalarining 403 nafar, xorij nufuzli tibbiyot muassasalaridan 102 nafar malakali shifokorlar viloyatga jalb etilishi asosiy omil hisoblanadi.    

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filialida jarrohlik stoliga yotqizilgan bemor shulardan biri boʻlib, u ishlab chiqarishda olgan jarohati natijasida chap qoʻl yelka sohasining notoʻliq amputatsiyasi, bilak, tirsak, yelka suyaklarining ochiq sinishi va nerv paylarining bir qator defektlaridan aziyat chekardi. Muassasada ilk bor murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilib, unga Rossiya Federatsiyasining akademik Ilizarov nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiiy tadqiqot markazi professori Konstantin Novikov ishtirokida KD (kompressionno-distraksionnыy ) apparati oʻrnatildi.

Ushbu apparat yordamida osteosintez jarayonlari amalga oshishi, singan suyaklar birlashishi taʼminlanadi, — deydi professor. – Bunda suyak siniqlari kompressiyasidan tashqari ularning toʻliq yopiq holda bir-biriga reopozitsiyalashtirish, yaʼni toʻgʻri birlashtirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, apparat yordamida suyaklar distraksiyasi, yaʼni ularni choʻzishga ham erishish mumkin.

Kezi kelganda taʼkidlashim joiz, mahalliy jarrohlar bemorga birinchi yordam koʻrsatib, ogʻir jarohatdan qutqarib qolish bilan birga, uning hayotiy qon tomirlarini tikish, nerv tolalarini ulash orqali toʻliq amputatsiyadan saqlab qolishgan. Biz esa operatsiya yordamida koʻpkomponentli asoratlar va muammolarni bartaraf etdik.

Shu taxlit qiziltepalik 32 yoshli Qandiyor Xoʻjamovning azoblariga barham berildi. Shifokorlarning taʼkidlashicha, yana uch oydan soʻng u toʻliq darddan forigʻ boʻladi.

Operatsiya jarayonlari ZOOM platformasi orqali viloyatning barcha tibbiyot birlashmalariga uzatib turildi. Mazkur tibbiyot muassasalarida ham kelajakda ushbu murakkab jarrohlik operatsiyalari yoʻlga qoʻyilsa, ajab emas..

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?