Navoiyda vakolatli organlar faoliyatida 10 ming 500 dan oshiq qonunbuzilish aniqlandi

18:01 24 Yanvar 2023 Jamiyat
414 0

Foto: Arxiv surat

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida professional xizmat koʻrsatadigan ixcham va samarali tizim yaratilib, yurtdoshlarimizning turli idoralar bilan munosabatlarida yuzaga kelayotgan muammolar adliya idoralari tomonidan doimiy nazoratga olinmoqda. Birgina Navoiy viloyat adliya boshqarmasi tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida oʻtkazilgan monitoring va tahlillar natijasiga koʻra, oʻtgan yili hududdagi vakolatli organlar faoliyatida jami 10 ming 553 ta qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻyilgan.

— Aniqlangan holatlarning 10 ming 283 tasi belgilangan muddatga amal qilmaslik, 223 tasi murojaatlarni asossiz rad etish va 47 tasi boshqa qonunbuzilishlarga toʻgʻri keladi, — deydi Navoiy viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Eldor Bahodirov. —Ular yuzasidan vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining 30 nafar mansabdor shaxslari va masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha vakolatli organlarga 126 ta taqdimnoma, 139 ta ogohnoma kiritilib, 120 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 2 nafar masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Adliya vazirligiga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish vazifasi yuklatilib, qarorning 10-bandida vazirlik davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida qonunchilik hujjatlari va maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya etilishi nuqtayi nazaridan tekshirishlarni amalga oshirishi belgilangan.

Shunga koʻra, davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi “Navoiy suv taʼminoti” MCHJning ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yuridik va jismoniy shaxslarni suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish haqida”gi maʼmuriy reglamenti talablariga rioya etganlik holati tizim orqali oʻrganilganida 2023-yilning 4-13-yanvar kunlari oraligʻida jami 24 ta holatda murojaatlarni oʻrganib chiqish muddatlarini buzish holatlari aniqlangan.

— Xususan, Navbahor tuman “Toshrabot” MFYda yashovchi fuqaro R. Bobomurodov 2023-yil 4-yanvar kuni Davlat xizmatlari markazi orqali suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish yuzasidan berilgan 67771973-unikal raqamli murojaati vakolatli organga shu kunning oʻzida tizimdan yuborilgan, — deydi E. Bahodirov. — Biroq vakolatli organ hisoblangan “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ Navbahor tuman boʻlimi bu murojaat boʻyicha bajarilishi lozim boʻlgan vazifani uch ish kuniga kechiktirgan. Afsuski, ushbu korxona tomonidan oʻndan ortiq shunday qonunbuzilishlar sodir etilgan.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, qonunbuzarlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanib, qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda. Albatta, bu yana koʻplab mutasaddilarga saboq boʻlishi lozim. Zotan, qonun ijrosida «Hechdan koʻra kech yaxshi» degan qarash va yondashuvga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

 

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер